O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyati tartibga solinadi
O‘zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktor o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jaev bukmekerlik faoliyatini tartibga soluvchi qonun loyihasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.
"Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, kelishish uchun kiritildi.
Loyiha o‘zida bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishdagi qonunbuzarlik uchun shaxsni javobgarlikka tortish, o‘yin jarayonlari yoxud ularning natijalariga ta’sir ko‘rsatish maqsadida kelishilgan o‘yinlarni o‘tkazish va ularda ishtirok etish, shuningdek, bukmekerlik faoliyatidagi qonunbuzarlik uchun javobgarlik kabi masalalarni aks ettiradi.
Sir emaski, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining Futbol faoliyatini nazorat qilish bo‘limi so‘nggi ikki yilda futbolimizda yuz bergan bir qator nohalol holatlarni aniqlashga erishdi. Shu tariqa tashkilot bir qator futbolchilarni ma’lum muddatlarga futboldan chetlashtirdi, bir nechta jamoa musobaqalardan olib tashlandi. Mazkur qonun loyihasi amalga tadbiq etilsa, yaqin kelajakda futboldagi sog‘lom raqobatni sun’iy ravishda bo‘g‘ayotgan kimsalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun asos bo‘ladi. Bu kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish yo‘lidagi navbatdagi qadamlardan biridir", - deb yozadi Imomxo‘jaev o‘z telegram kanalida.



Fikrlar