O‘zbekistonda yangi assotsiatsiyaga asos solindi
Mamlakatimizda aholi orasida jismoniy tarbiya va sport, sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston sog‘lom turmush tarzi va fitnes milliy assosiatsiyasi tashkil etildi. Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida Assosiatsiyaning ilk Konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov olib bordi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departament rahbari Odil Abduraxmanov, Yoshlar siyosati va sport vazirining o‘rinbosari Durdona Rahimova, Yoshlar ishlari agentligi direktorining o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxonova, fintes va masrestling federatsiyasining mas’ullari ishtirok etishdi.
Tadbirda Odil Qalandarovich Abdurahmonov nomzodi O‘zbekiston sog‘lom turmush tarzi va fitnes milliy assotsiatsiyasi raisligiga ilgari surildi. Delegatlar ushbu nomzodni bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashdi va O.Abduraxmanov yangi tashkil etilgan ushbu assosiatsiya raisi etib saylandi.
O‘z navbatida, Odil Qalandarovich bildirilgan ishonchni oqlashga, aholi orasida sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishni targ‘ib qilish, mamlakatimizdagi fitnes industriyasini yanada kuchaytirish yo‘lida bor kuch-g‘ayratini ishga solishga va’da berdi.
Kun tartibiga muvofiq, Assosiatsiya raisi o‘rinbosarlarining tarkibi ham shakllantirib olindi. Unga ko‘ra, Yoshlar siyosati va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Alisher Sa’dullaev, shuningdek, Jahongir Navro‘zov, Mohir Karimov hamda Shohruh Daliev Assosiatsiya raisning o‘rinbosarlari lavozimiga saylanishdi.
Tadbirda so‘z olgan Durdona Rahimova Yoshlar siyosati va sport vazirligi ushbu tashkilot faoliyatini rivojlantirish, yoshlar orasida keng targ‘ib qilishda elkadosh bo‘lishini bildirdi. Shuning bilan, O‘zbekiston sog‘lom turmush tarzi va fitnes milliy assosiatsiyasining Konferensiyasi o‘z ishini yakunladi.
MOQ matbuot xizmati
Fikrlar