O‘zbekistonlik hakamlar Rossiyaning o‘yinini boshqaradi
Rossiya milliy terma jamoasi FIFA kunlaridan foydalangan holda 4 sentyabr kuni Iordaniya futbolchilariga qarshi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazishi belgilangan.
Rossiya futbol ittifoqi rasmiy saytining xabar berishicha, Moskva shahridagi “Lukoyl Arena” stadionida bo‘ladigan uchrashuvni o‘zbekistonlik hakamlar brigadasi boshqaradi.
Manbaga ko‘ra, bahsda FIFA referisi Ilgiz Tantashev bosh hakam bo‘ladi. Tantashev Osiyo futbol konfederatsiyasining eng malakali hakamlari qatoriga kirishi alohida ta’kidlandi.
Tantashevga o‘z hamyurtlari – FIFA referi assistentlari Andrey Tsapenko va Timur Gaynullin yordam beradi. Zaxira hakami sifatida rossiyalik Egor Egorov qayd etilgan.
Rossiya va Iordaniya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi 4 sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan 22:00 da boshlanadi.

Fikrlar