
O‘zbekistonning eng sovrindor klubi — "Sevinch" imi-jimida yopib yuborilmoqda
So‘nggi paytlarda "futbolni rivojlantirish", "yangi darajaga olib chiqish", uni xalq orasida "ommaviylashtirish" va boshqa balandparvoz so‘zlardan iborat "quruq" gaplar ko‘payib ketdi. O‘rinli savol tug‘iladi: Xo‘sh, futbolni rivojlantirish nima degani?
Mamlakat miqyosida uni yuksaltirish haqida gap ketar ekan, ushbu sportning butun O‘zbekistonni qamrab olishi haqida boshqotirish shart. Futbol bu faqatgina O‘zbekiston miliy terma jamoasi emas! U — butun boshli mexanizm! Birgina "muruvvat" ishlamasa, o‘sha mexanizm harakatga kelmaydi axir! Qanday qilib undan nimadir kutish mumkin?!
Ayollar futbolidagi eng shonli tarixga ega — "Sevinch" jamoasi moliyaviy muammolar sababli yopilish arafasida turibdi. O‘zbekistonning 13 karra (!) chempioni, 10 bor kubok egasiga aylangan, O‘zbekistonda ayollar futbolining poydevorini qurib bergan klub tugatilishi arafasida!
"Sevinch" nafaqat yashil maydon, balki plyaj futboli borasida ham yurtimizda tengsiz jamoa sanaladi. Jamoa ko‘plab xalqaro musobaqalar g‘olibi. O‘zbekiston ayollar terma jamoasiga etkazib berilgan kadrlar soni borasida ham yurtimizdagi birorta klub u bilan tenglasha olmaydi. Mayli, natijalar o‘z yo‘liga. Meni xafa qilgan narsa boshqa: "Sevinch" bu O‘zbek futbolida allaqachon brend darajasiga ko‘tarilgan jamoa! Uning "qulashi", shonli tarix kitobimizdagi bir necha sahifalarni yirtib tashlash bilan barobardir.
Avvalroq Qarshining "Olimpiya" imi-jimida bankrot bo‘lgani uchun o‘z faoliyatini yakunlagan edi. Endi navbat yurtimizning eng shonli o‘tmishiga ega klubiga kelgan ko‘rinadi. So‘nggi ma’lumotlarga suyanadigan bo‘lsak, mazkur qaror 2021-yilning 1 dekabr sanasida qabul qilingan. Bizga ma’lum bo‘lishicha, klub "Nasaf" PFK tasaruffiga o‘tib ketishi ham mumkin. Negadir rahbariyat oradan 17 kun o‘tganiga qaramay rasman bayonot bilan chiqqani yo‘q. Ular nimani kutmoqda? Bunisi shaxsan menga qorong‘i.
"Xo‘sh, shunga shuncha vahima qilish shartmi?", deb qo‘l siltashga shoshilmang. Inson hayoti uchun eng xavli kasalliklarni barchasi bir nechta bosqichdan iborat bo‘ladi. Ko‘pincha, kasallikning dastlabki bosqichlarida inson orgonizimda o‘zgarishlar sezilmaydi va bemor o‘zi betob ekanidan bexabar oltinga teng vaqtni boy beradi. Shifokorga murojaat etganida esa, kasallik butun tanaga yoyilib bo‘lgan bo‘ladi. To‘g‘ri, juda sovuq o‘xshatish bo‘ldi, ammo bugungi futbolimiz og‘ir xastalikni birinchi bosqichidayoq muolaja olishi shart ekanligini bundan "yumshoqroq" tushuntira olmadim. Yaxshi jurnalist emasligim shu erda pand berdi chog‘i.
FIFA va OFK so‘nggi yillarda ayollar futboliga salmoqli e’tibor qaratmoqda. Ular o‘rtasidagi JCh va qit’a birinchiliklariga bo‘lgan e’tibor yangi darajaga ko‘tarildi. Mana shunday ulkan voqealar fonida "Sevinch"ning yopilishi O‘zbekistonda futbolga bo‘lgan e’tiborga oyna tutgandek bo‘ldi...
Bugun futbolimizning kechagi yorqin kuni — "Sevinch" faoliyati tugatilsa, ertaga boshqasi yopilishi normal holatga aylanadi. Ancha avval Rossiya matbuotida bir qiziq ma’lumotga ko‘zim tushgan edi. So‘nggi yillarda moliyaviy qiyinchilik sababli bankrot bo‘layotgan klublar soni borasida ular Evropadagi eng etakchilardan biriga aylanib borishmoqda. Eng qizig‘i shundaki, ruslarda bu tendentsiya ayollar jamoalarining faoliyatini birin-ketin tugatgani bilan boshlangan. Mayli, "Sevinch"ni saqlab qolish qo‘limizdan kelmasa kerak, ammo bir savolning javobi meni juda qiziqtirmoqda: Xo‘sh, endigi navbat qaysi klubga!?
Yahyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar