"O‘zingdan chiqqan balo", "praym Levandovski" va Xaviga qarshi chorasiz qoluvchi Simeone! "Atletiko" - "Barsa" o‘yinida nimalar sodir bo‘ldi?

  • 18 mart, 2024, 04:48
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

La Liga 29-turidan o‘rin olgan markaziy uchrashuvda "Barselona" "Atletiko"ni yirik hisobda mag‘lub etdi - 3:0. Ajablanarlisi, mazkur natija "matraschilar" maydonida sodir bo‘ldi. 

Birinchi taym

Uchrashuvni Simeone shogirdlari ustunlik bilan boshladi. Kuchli pressing, yaratilgan xavfli vaziyatlar va himoyadagi ishonchli harakatlar to "ko‘k-anorranglilar"ning birinchi goliga qadar davom etdi. 36-daqiqaga qadar raqib darvozasi tomon aniq zarba bera olmagan "Barsa" qisqa vaqt ichida keskin hujumlar uyushtirdi. 38-daqiqa o‘tib borayotgan bir paytda Gyundogan maydon markazida fenomenal harakatlarni amalga oshirib, to‘pni jarima maydoni ichida turgan sherigi Levandovskiga etkazib berdi. Chap qanotda Robert to‘pni qabul qilganini ko‘rgan Feliks darhol polshalik hujumchining joyiga qarab yugurdi va Levandovski to‘pni unga etkazib berdi. Mana shu uchlikning chiroyli kombinatsiyasi evaziza 38-daqiqada Joau hisobni ochdi. Hali transfer huquqi "Atletiko"ga tegishli bo‘lgan va Kataloniya klubida ijara asosida to‘p tepayotgan portugal ikkinchi uchrashuvda hali qaytishi mumkin bo‘lgan klubni ranjityapti. Umuman olganda, qisqa vaqt ichida Madrid klubi himoyasida palapartishliklar vujudga keldi va birinchi bo‘lim mehmonlarning hisobdagi kichik ustunligi bilan yakunlandi. Qayd etish lozim, Xavi taym yakunlanishi arafasida ketma-ket ikkita sariq kartochka olib, maydondan chetlatildi. Biroq endi uning yordamisiz ham jamoa ikkinchi bo‘limni ancha yuqori tempda o‘tkazdi. 

Ikkinchi taym

Ikkinchi taym birinchi bo‘limdagi tartibsizlikning mantiqiy yakuni bo‘ldi, desam adashmagan bo‘laman. Himoyada pas berish chog‘i "Atletiko" futbolchisi xatoga yo‘l qo‘ydi va o‘ng qanotda harakat qilayotgan Rafinya to‘pni qabul qilib oldi hamda hujum vakili Levandovskiga ikki raqib himoyachisi orasidan ohista havolatib etkazib berdi. To‘pni to‘xtatib olishda biroz noqulay holatga tushib qolgan strayker darvoza tomon zarba yo‘llashning yo‘lini topdi. To‘p ustunga tekkan holda, Oblak darvozasidan joy oldi. 47-daqiqaga kelib hisob 2:0 ko‘rinishiga keldi. 

​Shundan so‘ng kataloniyaliklar o‘yinni sokinlashtirishga harakat qildi. Simeone ketma-ket o‘zgarishlarga qo‘l urgan bo‘lsa-da, mazkur o‘zgarishlardan qandaydir naf chiqara olmadi. Faqatgina Depayning xatti-harakatlari birozgina jamoa o‘yiniga temp qo‘shdi. 65-daqiqa o‘tib borayotgan bir paytda Kunde qanotdan katta tezlikda oldinga qarab bordi va to‘pni endi o‘ng qanotda paydo bo‘lgan Levandovskiga etkazib berdi. Robert bu safar jarima maydoni ichiga to‘pni havolatib etkazib berdi va endi maydon markazida Fermin paydo bo‘ldi. O‘ta qulay etkazib berilgan uzatmani Oblak darvozasiga ortiqcha qiyinchiliksiz yo‘llagan Lopes hisobni yirik 3:0 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi. Bu uchrashuvdagi mantiqiy yakun edi. Shundan so‘ng har ikkala jamoada ham qator xavfli vaziyatlar bo‘ldi. Jumladan, ter Shtegen ayrim pallalarda jamoasi joniga oro kirgan bo‘lsa, Kubarsi va Arauxoning mudofaadagi ishonchli harakatlari ham "Barsa"ni "quruq" o‘yiniga sabab bo‘ldi. Bahs yakunlanishi arafasida zaxiradan maydonga tushgan Roke darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib ketayotgan pallada "matraschilar" himoyachisi Molina uni ushlab qoldi va qizil kartochka olib maydonni tark etdi. Darvozaga yaqin nuqtadan zarba yo‘llash vazifasi yana o‘sha Levandovski zimmasida edi, ammo bu safar uning zarbasiga biroz aniqlik etishmadi. Biroq shusiz ham "Atletiko"ni "Barsa" etarlicha savalab ulgurgandi. "Atletiko" - "Barselona" 0:3.



Umuman olganda, o‘yinni epizodlardagi faollik va sovuqqonlik hal qildi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ilk golga qadar "Atletiko"da hammasi yaxshi ketayotgandi. Shunchaki, hozirgi "Barselona"ning hujumdagi kreativi ancha yuqori. Bundan tashqari, Robertning yaxshi sport formaga kirib borayotgani "Barsa"ning sermahsulligiga ancha ta’sir o‘tkazdi. Shuningdek, Simeone shoshilinchda ko‘plab o‘zgarishlarga qo‘l urgan bo‘lsa, Xavi yangi futbolchilarni maydonga tushirishda u qadar shoshilmadi va xotirjam qarorlar chiqardi. 

Statistikalar 

E’tiborli jihati shundaki, "Atletiko" "Metropolitano"da ilk bora gol urmagan holda, yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi. Bundan tashqari, "ko‘k-anorranglilar" Simeone jamoasining 25 o‘yinlik uy o‘yinlaridagi mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘ydi. Ularning o‘z maydonidagi bundan oldinga mag‘lubiyati ham aynan "Barselona"ga qarshi bo‘lgandi. "Atletiko" uchun yana bir noxush an’ana bor. Madrid klubi 4 uchrashuvdan buyon "Barsa" darvozasiga yo‘l topa olmayapti. So‘nggi bora ular 4:2 hisobida Xavi shogirdlariga mag‘lub bo‘lganda, gol urishga muvaffaq bo‘lgan. So‘nggi gol muallifi - Luis Suares.

Shuningdek, Simeone va Xavi qarama-qarshiligini ham ta’kidlab o‘tish kerak. Bu ikki mutaxassis o‘zaro besh bor to‘qnash kelgan bo‘lsa, ularning barchasida Xavining qo‘li baland kelgan. To‘plar nisbati 10 - 2. 



Balki bu ikki jamoaning mavsumdagi so‘nggi o‘yini emasdir... 


Ko‘rinib turibdiki, "Atletiko" Xavining "Barsa"si uchun eng qulay raqib. Biroz avval yakunlangan bahs ham bundan mustasno bo‘lgani yo‘q. Xavi mavsum yakunida "Barsa"ni tark etishi aniq bo‘lib ulgurgan va uning "Barsa"dagi eng yorqin xotiralari "Atletiko"ga qarshi o‘yinlar bo‘lsa, ajab emas. Qiziqarlisi, ayni damda har ikki klub Chempionlar ligasida o‘z yurishini davom ettiryapti. Agar har ikkisi chorak finaldan o‘tib olsa, yarim finalda bu ikki klub o‘rtasidagi yana bir bahsni ko‘rishimiz mumkin. Balki Simeone Xavini ketish oldi bir marta bo‘lsa ham xafa qilishga ulgurar yoki Xavi hamda uning "Barsa"si uchun bu klub "o‘lja" bo‘lishda davom etar. Hozircha har ikki versiya ham sodir bo‘lmasligi ehtimoli biroz baland. Ko‘ramiz, kuzatamiz! 


                                                                                                                     Karim Xudayqulov  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!