
"Paxtakor" - "Navbahor" to‘qnashuvi ayollar futbolida ham davom etmoqda. Bu safar ham bosh hakam vaziyat "qahramoni!"
Haqiqatan, O‘zbekistonda ayollar futboli bormi? Ha, bor. O‘yin kuni yig‘iladigan futbolchilar, chimi bor har qanday stadionda o‘tadigan, muxlis tugul ba’zi jurnalistlar bilmaydigan o‘yinni futbol, deb aytsak, albatta, bor.
Aslida, bu maqola "Paxtakor-W" va "Navbahor-W" o‘rtasidagi 20-tur uchrashuvi haqida bo‘lishi kerak edi. Lekin kuzatib borsak, deyarli barcha klublarda shu ahvol.
Toshkentda o‘tgan bahsda namanganliklar texnik mag‘lubiyat bilan 3 ochkodan ayrilgan, "Paxtakor-W" esa, g‘alabani nishonlagan. Teng kuchlar ostida o‘tgan o‘yinning 2-bo‘limida namanganlik darvozabon poytaxtlik futbolchi bilan to‘qnashib ketadi, tibbiy yordam uchun yo‘qotilgan vaqt tufayli hakam o‘yin oxirida 5 daqiqa qo‘shib beradi. Ammo saytda bahs 90 daqiqaga etmay tugagan va "Navbahor-W" darvozasi tomon belgilangan 11 metrlik jarima to‘pi ham videoyozuvdan o‘rin olmagan. 90+5-daqiqagacha 1:1 hisobi qayd etilgan uchrashuv so‘ngida "Navbahor" futbolchisining qo‘liga to‘p tegadi (hakamning qarori bo‘yicha, videoning sifati pastligi va o‘ta uzoqdan olinganligi tufayli farqlab olish juda qiyin, deyarli ilojsiz) va ular darvozasiga penalti belgilanadi.
"Navbahor-W" futbolchilarining e’tirofi bo‘yicha avvalo, qo‘shib berilgan vaqt tugab bo‘lgan. Qolaversa, himoyachining elkasiga tekkan to‘pni hakam qo‘lga tegdi, deya jarima zarbasi belgilagan. Bu insoniylik faktori orqasidan yuzaga kelgan xato yoki atayin bo‘lganligi borasida da’vo qilishdan yiroqmiz! Shuningdek, toshkentlik qizlarning qo‘polliklariga hech qanday reaktsiya bildirmagan, aksincha, jarimani "Navbahor" hisobiga yozib qo‘yavergan. "Paxtakor-W" qizlarining fikricha, darvozabon vaqtni cho‘zganligi sabab biroz o‘yinga ruxsat bergan va penalti ham haqli ravishda belgilangan. Namanganliklar ustozi Karima Yo‘ldosheva shogirdlarining so‘zlarini yoqlab, hakamdan shubhalangan holda, PFL bosh direktori Diyor Imomxo‘jaev nomiga bildirgi yozadi. Ushbu bildirgida murabbiy qo‘shimcha 5 daqiqa yakuniga etib, tablo qariyb 9-daqiqani ko‘rsatayotgan vaqtda hakam nohaqlik yo‘li bilan mehmonlar darvozasiga penalti belgilagani va buni uchrashuv inspektori, "Paxtakor-W" murabbiysi va muxlislar ko‘rgani, dastavval, bularning barchasini videoda ko‘rishgani va vaqt o‘tib, bu videoyozuv "Paxtakor"ning operatori tomonidan qirqib tashlanganini aytib o‘tgan. Qolaversa, futbolchilar maydonni tark etmaganini, aksincha, Karima Yo‘ldosheva ularni tinchlantirish uchun maydon chetiga chaqirgan va qizlarda biroz agressivlik bo‘lishiga qaramay hakamga nisbatan tajovuzkor harakat qilmaganini ta’kidlab o‘tgan.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi, nega videoyozuv qirqilgan? Bu kimga kerak edi?
O‘yin juda yaxshi boshlangan, ikki jamoa ketma-ket hujumlar bilan muxlislarga zavf berayotgan edi. Ammo ikkinchi bo‘lim so‘ngida hakam o‘yin tizginini biroz qo‘ldan chiqardi va xatoga yo‘l qo‘ya boshladi. Eng avvalo, o‘z qarorlarida qat’iy turib, futbolchilarni tartibga sola olmadi.
Asosiy e’tiborga molik vaziyat penalti bilan bog‘liq, lekin "Navbahor-W" qizlarining ham bu erda aybi etarlicha, birinchidan bu agressivlik bilan futbol o‘ynab bo‘lmaydi, chunki maydonda hamisha hakam haq va u chiqargan qarorini qaytib olmaydi. Shu tufayli, garchi penalti yo‘q, deya hisoblansada, uning ijrosi ta’minlanishi va darvozabon omadini sinab ko‘rishiga qo‘yib berish kerak edi.
Yuqoridagi videoyozuvni kesish kimga kerak, degan savol javobsiz qolib ketmasin. Mayli uni yo‘qotib yubordi ham deylik, unda komissar nega kerak? "Sug‘diyona-W" klubi murabbiyi Karima Yo‘ldosheva o‘sha kesib tashlangan videoni topgan, lekin uning sifati juda past va bu voqealarga oydinlik kiritishga etmaydi.
Turnir jadvaliga nazar tashlasak, 19-turdan so‘ng "Paxtakor-W" "Navbahor-W" klubidan 3 ochkolik farq bilan 7-o‘rinni band etib turgan edi. 20-turdagi g‘alabasi va to‘plar nisbati tufayli 6-o‘ringa ko‘tarilib olgan poytaxtliklar 21-turda ham g‘alaba qozonib, o‘z o‘rniga yaxshiroq joylashib oldi.
"Navbahor-W" jamoasi esa 20 ochko bilan 7-o‘ringa tushib ketdi, qolaversa, zaxirada yana bitta uchrashuvi bor. Ammo murabbiy jazoga tortildi va litsenziyasidan vaqtinchalikka ayrildi. Yana bir jihatni alohida ta’kidlab o‘tish kerak, 27 oktyabr kuni O‘FAda Superliga uchrashuvlarida hakamlarning shubhali qarorlari tahlil qilindi. Ammo ayollar Oliy Ligasi yana chetda qoldi. O‘zi qachondir eslanganmidi?!
Dilnoza Mustafoqulova
Fikrlar