"Paxtakor", "So‘g‘diyona" va "Dinamo"ni boshqalardan nima ajratib turibdi?
Superliganing ikkinchi davrasi boshlanib, beshta turni ham o‘tkazib bo‘ldik. Shuni alohida aytish o‘rinliki, joriy birinchiligimiz «Paxtakor» klubining gegemonligi ostida o‘tmoqda. «Sherlar» bu safar chinakamiga o‘z sherligini ko‘rsatgan holda raqobatdan holi jamoaga aylanib oldi. Lekin boshqa jamoalar uchun intriga hali yo‘qolmagan va ayrimlar uchun bu holat endi boshlanmoqda ham. Masalan, mavsumning ikkinchi qismiga kelib, kimlardir ko‘tarilishga erishayotgan bo‘lsa, yana kimlardadir pasayish holati kuzatilmoqda. Lekin chempionatimizda chempion jamoa nomi deyarli aniq bo‘lib ulgurgan bo‘lsa-da, baribir intrigani butkul yo‘qoldi deb ayta olmaymiz. Baribir o‘ziga yarasha qiziqish va kurashuvnchanlik bor. E’tiboringizni esa boshqa bir jihatga qaratmoqchisiz. Ikkinchi davrani jamoalar turlicha boshlashdi. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, kimdadir ko‘tarilish bo‘lsa, qaysidir jamoalarda pasayish kuzatilyapti. Ikkinchi davraning dastlabki beshta turidan keyin ayrim qiziqarli faktlar yuzaga chiqmoqda. Ya’ni, klublarimizning ishtiroklariga va ularning qayd etayotgan natijalariga nazar solar ekanmiz, bunda «Paxtakor», «So‘g‘diyona» hamda «Dinamo» klublarining natijalari boshqalarnikidan ajralib turganiga guvoh bo‘lish mumkin. Quyida aynan uchala klub haqida so‘z yuritamiz.
Raqiblari darvozasiga istagancha gol urayotgan «Paxtakor»
Chempionatimizda birgina mag‘lubiyatsiz yurishini davom ettirayotgan klub – «Paxtakor» har tomonlama raqiblaridan kuchli ekanligini isbotlamoqda. Shota Arveladze boshqaruvidagi jamoaning ojiz nuqtalarini hozircha hech kim topa olganicha yo‘q. Ikkinchi davraning dastlabki beshta turiga e’tibor qaratsak, «sherlar» deyarli katta ustunlik bilan g‘olib chiqishayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Oxirgi to‘rtta turdan beri esa raqiblarini yirik hisoblarda mag‘lub etib kelmoqda. Hozirgacha 16 marta g‘alaba qozongan bo‘lsa, shundan teng yarmida faqat yirik hisoblarda ustun kelgan. Urgan gollariga qarang, 18 ta uchrashuvda 58 bor to‘p kiritgan. O‘z darvozasidan esa bor-yo‘g‘i 11 marta to‘p olib chiqqan xolos. «Surxon» hamda «Navbahor»ga qarshi bahslarda durang o‘ynagan «Paxtakor» qolgan barcha bahslarda raqiblarini o‘zi istagan hisoblarda yutib kelayotganini hisobga olsak, shunchaki qoyil qolish kerak. Shuningdek, O‘zbekiston Kubogi va Liga Kubogida ham «Paxtakor» ishtirokini davom ettirgan holda yarim finalgacha etib keldi. Aytish mumkinki, ushbu musobaqalarda ham Arveladze jamoasi asosiy favorit sifatida tilga olinmoqda. Bu yil «Paxtakor»ning uchala frontda ham muvaffaqiyat qozonib o‘ziga xos xet-trik qayd etish imkoniyati bor. Ayni paytda esa «Paxtakor» chempionatda 10 ta o‘yindan beri g‘alabali seriyasini davom ettirib kelmoqda. E’tiborlisi, oxirgi bor, o‘z uyida 8-turda «Navbahor» bilan 2:2 hisobida durang o‘ynagandi. Oldinda esa peshqadam jamoani 19-tur doirasida Namanganga «Navbahor»ga qarshi javob bellashuvi kutib turibdi. Xo‘sh, «Navbahor» yana bir bor «Sherlar»ni to‘xtata olarmikin?
«Paxtakor»ning ikkinchi davradagi natijalari
14-tur «Paxtakor» - «Qo‘qon-1912» - 3:1
15-tur «Qizilqum» - «Paxtakor» - 0:5
16-tur «Paxtakor» - «Buxoro» - 5:0
17-tur AGMK – «Paxtakor» - 0:3
18-tur «Paxtakor» - «Andijon» - 5:1
Qoyil qolsa arziydigan «So‘g‘diyona»
Asosan ligada jon saqlab qolish uchun kurashishiga o‘rganib qolganimiz «So‘g‘diyona»ning joriy mavsumda qanday «hunarlar» ko‘rsatayotganiga bir qarang! Jamoa ikkinchi davrani mag‘lubiyatsiz boshlab, bu yoqimli an’anani davom ettirmoqda.
Dastlabki beshta uchrashuvning to‘rttasida g‘alaba va bittasida durang. Tabiiyki, bunday ko‘rsatkichdan keyin yuqoriga ko‘tarilmasdan yana kim ko‘tarilsin?! Buni qarangki, endilikda «So‘g‘diyona»da shunday imkoniyat paydo bo‘ldiki, ular bronza medal uchun kurashishga qo‘shilishdi. Chunki 3-o‘rindagi «Bunyodkor»dan faqat bir ochkoga ortda qolishyapti xolos. Aslida esa klubga Ulug‘bek Baqoev bosh murabbiy etib tayinlanganidan keyin jamoaning o‘yini va natijalarida ijobiylik darhol ko‘zga tashlana boshladi. Ushbu mutaxassis boshchiligida jizzaxliklar hozirgacha 8 ta g‘alaba, 3 tadan durang va mag‘lubiyat qayd etdi. Bu albatta ijobiy holat. Ayniqsa, bosh murabbiyning bilimi hamda salohiyati tufayli jamoaga g‘oliblik ruhini singdira olganiga qoyil qolish kerak. Vaholanki, Sergey Lushandan keyin bu lavozimni egallagan paytda ko‘pchilik undan bunday natijalarni kutmagandi. Baqoev murabbiy sifatida o‘zining yangi qirralarini Jizzaxda namoyish eta olayotgani ayni haqiqat.
«So‘g‘diyona»ning ikkinchi davradagi natijalari
14-tur «So‘g‘diyona» - «Lokomotiv» - 1:0
15-tur «Qo‘qon-1912» - «So‘g‘diyona» - 1:2
16-tur «So‘g‘diyona» - «Qizilqum» - 1:0
17-tur «Buxoro» - «So‘g‘diyona» - 1:1
18-tur «So‘g‘diyona» - AGMK – 1:0
«Dinamo»ga ko‘z tegdimi?
Birinchi davrada chinakamiga qahramonlik ko‘rsatib, kamtarona tarkib bilan kurashuvchan jamoa sifatida ko‘zga tashlangan «Dinamo» barchada iliq taassurot qoldirayotgandi. Lekin ikkinchi davraga kelganda ularning natijalari chappasiga keta boshladi. Aslida «Dinamo»ning mavsumni xuddi shunday holatda boshlashini kutishgandi. Biroq samarqandliklar chempionatda boshqalarga ochko ulashuvchi jamoa emasligini dastlabki turdanoq isbotlashga tushdilar. Chindan ham bosh murabbiy Davron Fayziev o‘rtacha darajadagi o‘yinchilardan hujumkor va raqobatbardosh jamoa tuza olganini ko‘rgandik. Shu sababli birinchi davrada «Dinamo» barchani hayron qoldirgandi. Lekin ikkinchi davraga kelib jamoaning natijalari birdaniga salbiylikka o‘zgarib qoldi. Aslida ular uchun ikkinchi davrani ketma-ket ikkita etakchiga qarshi boshlash juda qiyin edi. «Bunyodkor» va «Lokomotiv» maydonida har qancha kurashmasin mag‘lub bo‘lishdi va shundan keyin ham jamoa a’zolari ruhiy tushkunlikdan chiqib keta olmayaptilar. Natijada beshta turdan beri yutqazib kelishmoqda. Aslida esa «Dinamo» birinchi davraning oxirgi turida «Bunyodkor»ga yutqazganini hisobga olsak, ketma-ket oltita uchrashuvdan beri mag‘lubiyatga uchrab kelmoqdalar. Hozircha Superligada hech bir klub bunchalik ko‘p mag‘lubiyatli seriyaga tushib qolgani yo‘q.
«Dinamo»ning ikkinchi davradagi natijalari
14-tur «Bunyodkor» - «Dinamo» - 4:2
15-tur «Lokomotiv» - «Dinamo» - 2:0
16-tur «Dinamo» - «Qo‘qon-1912» - 0:1
17-tur «Qizilqum» - «Dinamo» - 2:1
18-tur «Dinamo» - «Buxoro» - 0:3

Fikrlar
Лекин Пахтакор жамоаси хакида фикрим сал бошкачарок.
Пахтакорни хозирги идеал таркибига лигамизда хеч бир жамоа ракобатлаша олмаслиги хам хаммага аён.
Айтмокчи булганим Пахтакор шу таркиби б/н Ш. Арвеладзе иштирокисиз хам худди шундай натижа б/н худди шундай уринда туришига хеч биримиз шубха килмаган булардик.