
"Paxtakor" chempionlikka yaqinlashmoqda. AGMK "sherlar"ni mag‘lub etib, 2-o‘rin uchun kurashdagi raqobatni davom ettiradimi?
"Paxtakor" Superliga 22-turida 1 noyabr kuni Olmaliqda AGMK mehmoni bo‘ladi. Klub matbuot xizmati o‘yinga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.
"Sherlar"dan mazkur bahsni Abror Ismoilov sariq kartochkalari soni 4taga etgani sababli o‘tkazib yuboradi. Jamoalarda diskvalifikatsiya bilan bog‘liq boshqa yo‘qotishlar mavjud emas.
Hozirga qadar chempionatlar tarixida jamoalar 25 marta o‘zaro to‘qnash kelgan. 18 bellashuvda "Paxtakor" g‘alaba qozongan. 3 bahsda durang qayd etilgan bo‘lsa, 4 marta Olmaliq klubi zafar quchgan. Poytaxtliklar 42 to‘p kiritib, 16 gol o‘tkazib yuborgan. 5 muvaffaqiyatni "Paxtakor" yirik g‘alaba bilan qo‘lga kiritgan. Olmaliqda kechgan 12 o‘yinning 9tasida "sherlar" ustun kelgan. Mezbonlar esa 3 uchrashuvda yutuqqa erishgan. "Paxtakor" safarda 18 gol urgan holda 7 to‘p o‘tkazib yuborgan.
Mazkur o‘yindagi g‘alaba orqali Shota Arveladze shogirdlari chempionlik sari yanada katta qadam tashlash imkoniyatiga ega. AGMK esa 2-o‘rin uchun jiddiy raqobatga kirishgan. Shu sababli bahsning keskin o‘tishi kutilmoqda.
AGMK va "Paxtakor" jamoalari o‘rtasidagi 22-tur bellashuvi 1 noyabr, yakshanba kuni soat 17:00da Olmaliqdagi OKMK stadionida boshlanadi.
Fikrlar