
“Paxtakor”dan peshqadamlikni tortib olgan “Nasaf”, chempionatimizda Ronaldu uslubidagi gol, “Navbahor” va boshqalar haqida
13-15 iyun kunlari Coca Cola Superligasida 4-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Bellashuvlarni ko‘pchilik intiqlik bilan kutdi. O‘yinlar ham shunga yarasha qiziqarli va kutilmagan natijalar, voqealarga boy bo‘ldi.
Quyida biz ana shu jihatlarga e’tibor qaratamiz.
Chempionat “Bunyodkor” – “Qo‘qon-1912” uchrashuvi orqali restart oldi. To‘qnashuv taqdirini avtogol hal etdi. Bobur Akbarov to‘pni qaytaraman, deb tasodifan o‘z darvozasiga kiritib yubordi. Natijada himoyachi bu mavsumdagi dastlabki avtogol muallifiga aylandi.
“Qizilqum” Navoiyda AGMK bilan bellashdi. Ushbu bahsda ham bitta to‘p kiritildi. Mezbonlarning sobiq legioneri Elguja Grigalashvili chiroyli tarzda darvozani ishg‘ol etdi. Tachmurad Agamurodov navoiyliklar boshqaruvida debyutini o‘tkazdi. Ammo mutaxassis ilk o‘yinda engildi.
Shu tariqa, AGMK Navoiydagi 11 yillik noxush an’ana, ya’ni g‘alabasiz seriyasiga barham berdi va o‘z tarixida ikkinchi marotaba "Qizilqum" maydonida zafar quchdi.
“So‘g‘diyona” futbolchilari karantin payti bo‘sh o‘tirmagan ko‘rinadi. Dastlabki 3 turda mag‘lubiyatlar va durang qayd etgan jizzaxliklar o‘z uylarida peshqadam, amaldagi chempionni taslim etishdi. Shohruz Norxonov penaltidan gol ura olmadi, biroq o‘yindagi vaziyatdan samarali foydalandi.
Ulug‘bek Baqoev shogirdlari mavsumdagi ilk g‘alabasini tantana qilgan bo‘lsa, Shota Arveladze futbolchilari birinchi mag‘lubiyat alamini tatib ko‘rdi.
“So‘g‘diyona” chempionat doirasida oxirgi marta 1999 yili “Paxtakor”dan ustun kelgandi. Oradan 21 yil o‘tib, jizzaxliklar noxush an’anaga barham berdi.
“Navbahor” Qarshida mehmon bo‘ldi. Turning markaziy qarama-qarshiligida g‘olib nomi aniqlanmadi. 2 bor hisobda oldinda borgan “lochinlar” g‘alabani ushlab qola olmadi. Har yili etakchilaridan ayrilib, yo‘qotishlarga uchrayverib o‘rganib qolgan mezbonlar esa tarkibi jihatdan kuchli raqib qarshisida taslim bo‘lmay, iroda namoyish etishdi. “Paxtakor”ning mag‘lubiyatidan so‘ng “Nasaf” yakka peshqadamga aylandi.
Andrey Kanchelskis jamoasi bu yili ham startda qiynalmoqda. Endi namanganliklar “Buxoro” bilan o‘yinda bosim ostida qolishlari mumkin.
“Surxon”ning “Mash’al”ga qarshi uchrashuvi ham qiziqarli kechdi. Termizliklar 0:2 hisobida ortta borayotib, kambek amalga oshirishdi.
Jamoalarning o‘zaro o‘yinlarida muborakliklar ko‘proq g‘alaba qozongan. Ammo “Surxon” Termizda hech qachon “Mash’al”ga yutqazmagan. Bu gal ham shunday bo‘ldi.
“Buxoro” – “Andijon” autsayderlar to‘qnashuvi. Andijonliklar boshqaruvida Aleksandr Xomyakov o‘rnini Viktor Kumikov egallagandi. Ammo rossiyalik mutaxassisning hujjat ishlari bilan bog‘liq muammosi tufayli murabbiylar uchun ajratilgan joyda ko‘rinish bermadi.
Bellashuvning ahamiyati yuqori edi. Sababi ikki jamoaga ham ochko juda muhim. Turnir jadvalining quyida borayotgan raqiblar to‘qnashuvida durang kuzatildi. To‘g‘riroq qilib aytganda, “Andijon” oxirgi daqiqada g‘alabani boy berdi. Hakamning hushtagi chalinishidan biroz avval Behruz Sa’dulloev jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
“Lokomotiv” stadionida dramma! Odatda bunday hollarda ikki tomon qatnashadi va ana shuni dramma deyiladi. Bu gal unday bo‘lmasa-da, o‘yinning borishi, Ronalduning “Real” safida “Yuventus”ga urgan golini eslatib yuboradigan qaychi uslubidagi gol ko‘pchilikni hayratga soldi. Shu va boshqa holatlar tufayli biz bu uchrashuvni drammaga qiyosladik.
Bir necha kun avval “temiryo‘lchilar” sardori tajribali Ignatiy Nesterov darvozabon doim sergak turishi lozimligi aytgandi. Ana shu gaplarga posbonning o‘zi qanchalik amal qilishini Shahzod Ubaydullaev tekshirib ko‘rdi. U Ronaldu kabi qaychi uslubida darvozaga to‘p yo‘lladi. Agar stadionda tomoshabinlar bo‘lganida, “Yuve” muxlislari kabi “Loko” ishqibozlari ham Ubaydullaevni turib olqishlab qo‘yishardi.
“Metallurg” safarda 3 ta gol urdi. Uchta golga ham Doniyor Narzullaev assistentlik qildi. Shu tariqa, bekobodliklar ilk bor safarda “Lokomotiv”ni dog‘da qoldirishdi.
Bu 4-turning e’tibor qaratiladigan va ahamiyatli voqeliklari edi. Endi ekran qarshisida navbatdagi bahlarni kutayotganlar yana shunday voqeliklarga boy uchrashuvlardan umidvor bo‘lishsa, ajab emas.
Fikrlar