
Pedru Moreyra: "Katta ishtiyoq bilan o‘ynasak, ko‘p narsani uddalay olamiz"
Xabaringiz bor, ertaga "Paxtakor" jamoasi "Jar"da Elit Chempionlar ligasi doirasida Qatarning "As-Sadd" jamoasini mehmon qiladi. Uchrashuv oldidan "sherlar" ustozi Pedru Morreyra va Umar Adhamzoda qatnashib, jurnalistlarning savollariga javo berdi.
"Barchaga xayrli kun. Bizni juda muhim o‘yin kutmoqda. Maqsadimiz jamoaning ushbu musobaqadagi ikki uchrashuvi orqali barchasini ko‘zdan kechirib olish edi. G‘alaba qozongan taqdirimizda bizda imkoniyat saqlanib qoladi. Shunga harakat qilamiz. Raqib hujumkor futbol ko‘rsatadi, juda yaxshi shakllangan jamoa. Bir oydan ortiqroq mashg‘ulotlarda ishlaganlarimizni ertaga ko‘rsatishga intilamiz.
Oldimizda turgan o‘yin haqida o‘ylashimiz lozim. Zafar quchsak, keyin boshqa narsalar to‘g‘risida o‘ylaymiz. Bizni Elit ligadan tashqari O‘zbekiston chempionatida ham qiziqarli mavsum kutmoqda.
Raqibda rasmiy o‘yin amaliyoti borligi ularga qo‘l keladi. Mavsum davom etayotgan holatda maydonga tushish yaxshi. Lekin biz ham ko‘p narsalarga qodirmiz. Futbolchilar ham buni his etib borishmoqda. Jamoa sifatida asta-sekin kuchayib boryapmiz.
Uchrashuvga juda ko‘p narsalar ta’sir qilishi mumkin. Katta ishtiyoq bilan o‘ynasak, ko‘p narsani uddalay olamiz. O‘yindagi turli vaziyatlarga tayyor bo‘lishimiz kerak.
Muxlislarni stadionda ko‘rishdan xursand bo‘lamiz va ularga yaxshi kayfiyat taqdim etishga urinamiz. Biz bir oilaga aylanishimiz lozim", - dedi Morreyra.
"Ertangi bellashuvda g‘alabaga erishib, muxlislarni xursand qilishga urinamiz. Tayyorgarligimiz ko‘ngildagidek bo‘ldi deb o‘ylayman. O‘z o‘yinimizni namoyish etishimiz kerak. "Sadd"ni o‘rganib chiqdik. Ularga qarshi oldin ham o‘ynaganmiz.
Klaudinioga qarshi o‘ynashga alohida tayyorlanmadik. Raqibda yuqori saviyali futbolchilar ko‘p. Jamoaviy o‘yinga e’iibor qaratgan holda bahsga hozirlik ko‘rdik", - deya o‘z fikrlarini bildirdi Umar Adhamzoda.
Eslatib o‘tamiz, "Paxtakor" - "As-Sadd" uchrashuvi ertaga soat 19:00da "Jar" stadionida start oladi.
Fikrlar