Pedru Moreyra uchrashuvdan so‘ng mag‘lubiyatning asosiy sababini ochiqladi
Xabaringiz bor, Superliganing 2-turida "Paxtakor" safarda OKMK bilan kuch sinashib, 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Mazkur uchrashuvdan so‘ng "sherlar" bosh murabbiyi hisoblangan Pedru Moreyra muvaffaqiyatsizlikning asosiy sababi haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Oxirgi haftalardagi qiyin o‘yinlar natijaga ta’sir o‘tkazdi, charchoq esa sezilib qoldi. Biz to‘p nazoratini qo‘lga olib, gol urishga harakat qildik. Lekin urinishlarimiz samara keltirmadi. Bunday xatolarni takrorlamaslik kerak. Bundan tashqari, raqib o‘yinga juda yaxshi tayyorlangani sezildi, ular sifatli futbol namoyish etishdi. Oldinda kichik tanaffus bo‘ladi. Ushbu vaqt davomida esa jamoamiz bilan ko‘proq ishlashga intilamiz.
Har bir futbolchi o‘zidan nima talab qilinganini bilardi. Shuning uchun bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tayyor o‘yinchilarni maydonga tushirdim. Bugun o‘yinni yaxshi tashkil qilib, raqib himoyasini yorib o‘tmoqchi edik. Raqib ham uyushqoq o‘ynadi. Bashar Resan kecha betob bo‘lgani sababli, uchrashuvga jalb qila olmadik" - deya ta’rif berib o‘tdi portugaliyalik mutaxassis.
Ma’lumot o‘rnida, "sherlar" navbatdagi uchrashuvini 29 mart kuni "Dinamo"ga qarshi o‘tkazadi. Mazkur bellashuv Toshkent vaqti bilan 20:30 da start oladi.



Fikrlar