
Pele yoki Ronaldu? Gollar borasida aslida oldinda kim?
Turinning «Yuventus» jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu burchakdan uzatilgan to‘pdan unumli foydalandi va «Napoli»ga qarshi superkubok uchrashuvida gol kiritdi. Bu portugaliyalik futbolchi uchun faoliyatidagi 760 goliga aylandi.
Ushbu goldan so‘ng, futboldagi statistikani hisoblab boruvchi portal – “Squawke Football” Ronalduni sayyoramizdagi eng sermahsul futbolchi, deb e’lon qildi. Krish 759 ta gol kiritgan Yozef Bitsandan bitta golga o‘zib ketdi va mutlaq etakchiga aylandi. Ushbu nashrning ma’lumotlariga qaraganda, Ronaldudan keyingi o‘rinlari Yozef Bitsan (759), Pele (757), Romario (743) va Leo Messi (719) egallab turibdi.
Bu rekordmi?
Krish o‘zining 760 golini kiritgach, futbol olami o‘z-o‘zidan ikkiga bo‘lindi. Ayrimlar Ronalduni barcha zamonlardagi eng yaxshi futbolchi deb atay boshlagan bo‘lsa, qolganlar Pelening natijasi bundan ancha yaxshiroq ekanligini takrorlashga tushib ketdi. Bu bahsli vaziyatda bir muhim omilni unutmaslik lozim. Ronaldu o‘zining barcha gollarini rasmiy o‘yinlarda kiritgan! Bundan ko‘rinib turibdiki, biz sport olamidagi eng yaxshi atletlardan birining o‘yinlarini tomosha qilyapmiz.
FIFA futbolchilarning statistikasi bilan ish olib bormaydi. Shu sababli, turli nashrlar o‘z versiyalarini oldinga surishga tushib ketdi. Krishning muxlislari 760 golni nishonlashi tabiiy. Pele tarafodorlari esa, ishonchsiz bo‘lgan manbadagi ma’lumotlar asosida hali-beri hech kim braziliyalik futbolchidan o‘zib ketmaganini aytmoqda.
Pele nechta gol urgan?
Keling, tan olaylik Pelening kiritgan gollarin sonini birorta ishonchli manba aniq ayta olmaydi. Futbolchining o‘zi esa, tinimsiz rekordlari haqida fikr bildirishga tirishadi. Uning nazdida gollari soni 1283 tani tashkil etadi.
«Mendan nega yangi Pele chiqmayapti, deb ko‘p so‘rashadi. Ularga doimo mening ota-onam boshqa farzand ko‘ra olmasligini aytaman. Messi iqtidorli futbolchi, biroq u men bilan taqqoslanishidan avval 3 ta JChda g‘alaba qozonishini lozim. Shuningek, 1283 ta gol kiritishi ham kerak. Ana shunda, u bu mavzuda suhbat qurishi mumkin».
Aslida, Pelening so‘zlarida jon bor, biroq qahramonimiz o‘z gollari soniga mashg‘ulot chog‘ida urilganlarini ham yozib qo‘ygan. E’tiborlisi shundaki, uning gollari sonini ko‘paytirishga yoshlar jamoasi va akademiyada urilgan gollar hissa qo‘shgan. Ayrim manbalarda, Pele harbiy xizmat chog‘ida ham to‘p surgan va o‘sha gollarni ham yozib qo‘ygan. Agar bunday kiritgan gollar inobatga olinsa, avstriyalik super hujumchi (Bitsan) hisobida 1468 ta gol mavjud. Pele bu borada ham bir qadam orqada qolgani o‘z-o‘zidan ma’lum bo‘ladi.
Eng taniqli nashr ro‘yxatida kim etakchi?
Rec. Sports.Soccer – bu 1994 yilda tashkil etilgan sport analitik nashri bo‘lib, to‘liq e’tiborini futbol olamini o‘rganishga qaratgan. Ushbu nashr yaqinda eng ko‘p gol kiritgan futbolchilarning ro‘yxatini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Krishtianu Ronaldu 4-pog‘onada qoldi. Birinchi o‘rinda esa,
Uve Zeeler (Germaniya) — 575 gol
Ferents Deak (Vengriya) — 576
Eysebio (Portugaliya) — 623
Lionel Messi (Argentina) — 719
Gerd Myuller (Germaniya) — 734
Ferents Pushkash (Vengriya) — 746
Krishtianu Ronaldu (Portugaliya) — 760
Pele (Braziliya) — 767
Romario (Braziliya) — 772
Yozef Bitsan (Avstriya/Chexiya) — 805
Tan olish lozim, bu ro‘yxat futbol olamidagi eng ishonchli manba bo‘lib turibdi. Shunday ekan, Ronaldu hali o‘zi reja qilgan eng baland marraga chiqqani yo‘q. Katta ehtimol bilan, portugaliyalik futbolchi Romario va Peleni bu mavsumning o‘zi quvib o‘tadi. Yozef bilan o‘rtadagi farqni yo‘qqa chiqarish uchun esa, Krishga yana 45 ta gol kiritish lozim. Ikki haftadan so‘ng, 36 yoshni qarshi oluvchi futbolchi uchun bu oson bo‘lmagan sinov bo‘lishi aniq. Agar Krish bu to‘siqni ham engib o‘tsa, u sayyoramizdagi eng sermahsul futbolchiga aylanadi. SPORTS.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.
Fikrlar