
PFL koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tufayli "Lokomotiv-W" ishtirokidagi o‘yin qoldirilganini ma’lum qildi
Bugun "Lokomotiv-W" ayollar jamoasi istiqomat qilayotgan mehmonxonada koronavirus aniqlangani, jamoadan hech kimda virus qayd etilmagani, ammo barcha karantinga olingani borasida xabar berib o‘tgandik.
Ushbu xabardan so‘ng PFL matbuot xizmati ayollar Oliy ligasining 2-turidan o‘rin olgan hamda 9 iyul sanasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan “Bunyodkor-W” hamda “Lokomotiv-W” klublari o‘rtasidagi uchrashuv “Lokomotiv-W” klubi bilan bog‘liq vaziyat sabab noma’lum muddatga qoldirilganini ma’lum qildi.
Tezkor xabar! "Lokomotiv" jamoasi karantinga olindi
“Lokomotiv-W” jamoasi istiqomat qilayotgan “Lokomotiv” mehmonxonasida koronavirus infektsiyasiga gumon qilingan fuqaro (klubga aloqador emas) aniqlangan bo‘lib, mehmonxonada istiqomat qiluvchilarning barchasi belgilangan tartibda koronavirus uchun test topshirgan. Mazkur test javoblari aniq bo‘lmagunicha “Lokomotiv-W” ishtirokidagi futbol uchrashuvi ehtiyot shart o‘tkazilmaydi.
Ayni vaqtda xavotirga o‘rin yo‘q. O‘zPFL futbolchilar salomatligini hisobga olib, shuningdek, karantin qoidalariga amal qilib, uchrashuvni boshqa sanada o‘tkazishga qaror qildi. Ayollar chempionatida qoldirilgan uchrashuvlarni o‘tkazib olish uchun bo‘sh o‘rinlar mavjud. “Lokomotiv-W” klubining “Bunyodkor-W” klubiga qarshi uchrashuvi qachon o‘tkazilishi O‘zPFL tomonidan keyinroq ma’lum qilinadi.
O‘zPFL mavjud vaziyatdan kelib chiqib, futbol jamoalari va uning a’zolaridan hozirgi epidemiologik holatda o‘ta ehtiyotkor bo‘lishni va barcha ehtiyot choralarini ko‘rishni so‘raydi. Qo‘shimcha qilamizki, mamlakatimizda futbol uchrashuvlari qayta tiklanganidan buyon O‘zPFL Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan muntazam aloqada bo‘lib turibdi.
Fikrlar