Portugaliyalik mutaxassisni olib kelish oson bo‘lmadi, yangi futbolchilarni uning iltimosiga ko‘ra jalb qildik - To‘labek Akramov bosh murabbiy haqida
“Lokomotiv” klubida yuz berayotgan o‘zgarishlardan endi barcha yaxshi xabardor. O‘tgan yilgi muvaffaqiyatsiz mavsumdan so‘ng, bu yil klub yangicha ishtiyoq va maqsadlar bilan tayyorgarlikni boshladi.
Ma’lumki, yaqinda “Lokomotiv”ga portugaliyalik Mikael Sekeyra bosh murabbiy etib tayinlandi. Bu albatta klub uchun qiziqarli tanlov edi. Lekin uni jamoaga taklif qilish oson sodir bo‘lmagandir. Axir xorijdan malakali murabbiyni olib kelishning o‘zi bo‘ladimi? “Lokomotiv” klubi bosh direktor o‘rinbosari To‘labek Akramov avvalo portugaliyalik mutaxassisni jalb qilish jarayonlari qanday yuz bergani haqida sports.uz muxbiriga shunday dedi:
- Gapingiz to‘g‘ri, portugaliyalik murabbiyni klubimizga jalb qilish darhol yuz bergani yo‘q. Bu harakatni o‘tgan yili, ikkinchi davraning o‘rtalaridan boshlagandik. Birinchi davradan so‘ng, “Lokomotiv”ni Timur Kapadze qabul qilib olgan bo‘lsa-da, biz uning mavsum tugagach, klubdan ketishini va bor e’tiborini O‘zbekiston U-19 terma jamoasiga qaratishini bilardik. Natijada Kapadze ishlayotgan bo‘lsa ham, biz parallel ravishda yangi murabbiy qidirishni boshlagandik. Ungacha bizda yana bir xorijlik mutaxassis ishlayotgandi. Uning oxirgi ish joyi “Real” Madrid akademiyasi bo‘lgan. Undan oldin Vilyarreal”da ishlagan. Saudiya Arabistonida “Al Nassr” jamoasida ham faoliyat ko‘rsatgan. U ikkinchi davrada jamoamizda ish boshlagandi. Ushbu mutaxassis bilan maslahatlashib qolgandik. Unga ko‘ra, Timur Kapadze baribir ketishini, shu bois Evropadan u qadar taniqli bo‘lmasa ham, baribir kuchli mutaxassislar ko‘pligi bois yoshlar bilan yaxshi ishlaydigan birortasini taklif qilarmiz deya maslahatlashgandik. Natijada u Sekeyrani tavsiya qilib qoldi. Uni anchadan beri bilarkan. “Al Nassr”da ham birga ishlashgan ekan. Shundan keyin yangi murabbiy haqidagi barcha ma’lumotlarni menga yuborishdi. Uni to‘liq o‘rganib chiqqanimizdan keyin bizga bu variant ma’qul tushdi. Qolaversa, jamoamiz uchun ham yangilik edi. Menga yoqqan yana bir tomoni, u “Braga”da yoshlar jamoasi bilan ishlagan ekan. “Al Nassr”da U-21 jamoasini mamlakat chempionligiga aylantirgan. Demak, uning yoshlar bilan ishlash tajribasi katta. Portugaliyalik mutaxassisni olib kelishdan asosiy maqsad, jamoamizga Evropa futboli havosni olib kirish, shu bilan birga atsa-sekin iqtidorli yoshlarni ham ko‘tarishni maqsad qilganmiz. Lekin bu ish osonlikcha amalga oshgani yo‘q. Sekeyrani taklif qilish borasida o‘ziga yarasha qiyinchiliklar ham bo‘ldi. Chunki uning “Braga” bilan ikki yillik shartnomasi bor edi. Portugaliya klubi esa uni qo‘yib yuborgisi kelmadi. Garchi qiyinchiliklar bo‘lsa-da, nasib qilgan ekan, mana jamoamizda ish boshladi, - dedi Akramov.

Bundan tashqari, “Lokomotiv” yangi mavsum uchun bir qator o‘yinchilar bilan shartnomalar imzolanganini e’lon qildi. Abdumavlon Abdujalilov, Sadriddin Abdullaev, Islom Qobilov, Sanjar Qodirqulov, Javohir Sidiqov, Xurshid Muxtorov kabi futbolchilar “Loko” sharafini himoya qilishadi. Qizig‘i shundaki, ushbu o‘yinchilarni klubga jalb qilish kimning tashabbusi? Axir portugaliyalik murabbiy hali futbolimiz bilan yaqindan tanish emasdi. Yoki yuqoridagi futbolchilar bilan yangi murabbiy kelguniga qadar kelishib qo‘yishganmidi? Bu masala bo‘yicha To‘labek Akramov quyidagilarni aytdi:
- Ha, savolingiz o‘rinli, lekin sizga shuni aytmoqchimanki, portugaliyalik mutaxassis bilan ikkinchi davra o‘rtalaridan muzokaralarni boshlagan bo‘lsak, o‘shandan u o‘zbek futbolini ko‘rishni, o‘rganishni boshlagan. Bu erga kelishdan oldin “Lokomotiv”ning oxirgi 20 ta o‘yinini ko‘rib chiqqan. Bundan tashqari, u O‘zbekiston chempionatida barcha uchrashuvlarni ham kuzatib borgan. Unga Superligadagi istalgan futbolchini ko‘rsatsangiz, u haqida biladi. 100 foiz bo‘lmasa ham 70 foizga xabardor. Ikki oy davomida o‘zbek futboli tarixini o‘rgangan, ma’lumotlarni to‘plagan. Chunki u qaerga kelayotganini bilishi kerak-da. Tabiiyki, “Lokomotiv”dagi barcha futbolchilarni, kim qaerda o‘ynashini, qanday imkoniyatlarga egaligini ham o‘rganib chiqqan. Boya aytdim-ku, klubimizning so‘nggi 20 ta uchrashuvini o‘rganib chiqqan. Aytmoqchimanki, Mikael Sekeyra bu erga tayyor bo‘lib keldi. Siz yuqorida sanab o‘tgan futbolchilar bilan amalda rasman shartnoma imzoladik. Ushbu o‘yinchilarni esa shaxsan bosh murabbiyimizning iltimosiga ko‘ra, jamoamizga taklif qildik. Bundan tashqari, yana ikki-uchta variantlarimiz bor. Biroq futbolda har doim ham siz o‘ylagan narsa amalga oshavermaydi. Qo‘limizdan kelganicha yangi o‘yinchilarni olib keldik. Yana qaytaraman, bularni shaxsan bosh murabbiyning o‘zi jamoamizda ko‘rishni istagan. Chunki portugaliyalik mutaxassis yangi futbolchilarning o‘yinlarini ham diqqat bilan kuzatib kelgan.

Bu klub ko‘pincha legionerlarning xizmatidan ham foydalanishni odat qilib kelgan. Biz yangi mavsumda ham o‘zgarayotgan “Lokomotiv”da yana legionerlarni ko‘ramizmi? Bunga Akramov shunday javob qaytardi:
- Hozircha legionerga extiyojimiz yo‘q. Deyarli tarkibimizning o‘zagini yig‘ib bo‘ldik. Agarda qaysidir pozitsiyalarga o‘zimizdan futbolchi topa olmasak, balki Evropadan o‘yinchilarni jalb qilarmiz. Baribir, avvalo tarkibni o‘zimizning mahalliy futbolchilardan yig‘ishga harakat qilamiz.
“Lokomotiv” o‘tgan yili o‘zidan kutilgan natijani ko‘rsata olmadi. Bir qator yoqimsiz o‘yinlarni ham o‘tkazdi. Har holda sovrindor jamoani chempionatda o‘rtamiyonalar qatorida ko‘rish biroz boshqacha bo‘lar ekan. Xo‘sh, klub o‘tgan yilgi mavsumdan qanday xulosalar chiqardi?
- Ha, o‘tgan mavsum biz uchun omadsiz o‘tdi. Bu – sport, bu – futbol. Har xil vaziyatlar bo‘ladi. “Lokomotiv” ketma-ket uch marta mamlakat chempioni bo‘ldi, Kuboklarni yutdi. Bosim katta edi. Bundan paytda istalgan jamoaning o‘yinida pasayish bo‘lishi mumkin bo‘lardi. Buning ustiga oxirgi paytlarda klubimizning ko‘plab etakchilari xorijga ketishdi. Masalan, o‘tgan yili asosiy tarkibning 8 nafar o‘yinchisi ketdi. Ularning o‘rnini o‘zimiz xohlagandek to‘ldira olmadik. Yangi kelgan futbolchilarimiz jamoaga moslashib ketgunigacha vaziyat o‘zgarib ketdi, pandemiya bo‘lib qoldi. Pandemiyadan keyin esa klublar har xil holatda qaytishdi. Balki murabbiylarimiz jamoani etarli darajada tayyorlay olmagandir. Lekin bunga to‘g‘ri qarash kerak. Aytyapman-ku, har qanday klubda bunga o‘xshash pasayishlar bo‘lib turadi. Asosiysi, ikkinchi davrada Timur Kapadze kelganidan keyin jamoani qiyin vaziyatdan olib chiqib ketdi. Futbolchilarni o‘z kuchiga ishontirdi, kuch topa oldi. To‘g‘ri, turnir jadvalidagi o‘rnimiz qoniqarli bo‘lmasa ham futbolchilarning ruhiy holatini yaxshilay oldi. Chunki ular bu borada tushkunlikka tushib qolishgandi. Kapadze esa ularni ruhlantira oldi, shunisi xursand qildi. Baribir tarkibimizning o‘tgan yilgi o‘zagini saqlab qolib, bu yil yangi ijrochilarni qo‘shdik. Xudo xohlasa, bu mavsumda yangi murabbiy boshchiligida ajoyib o‘yinlar ko‘rsatib, yana sovrinli o‘rinlar uchun kurashishga harakat qilamiz, - deb munosabat bildirdi, To‘labek Akramov.
Fikrlar