PSJ markazida fojia: Vitin'ya, Dro va Zair-Emeri qaerda edi?

  • 07.03.2026 18:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

​Frantsiya chempionati yetakchisi PSJ o‘z maydonida “Monako”ga qarshi kechgan bahsda kutilmaganda 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. O‘yin tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, mag‘lubiyatning bosh sababi jamoa yarim himoya chizig‘ining butunlay “o‘chib qolgani” bo‘ldi.

​Luis Enrique bu o‘yinda asosiy yetakchilari Fabian Ruiz va Joao Neves xizmatidan foydalanа olmadi. Ularning o‘rnini to‘ldirishi kutilgan Vitinya, Dro Fernandez va Uorren Zair-Emeri uchligi esa muxlislar kutgan o‘ynining o‘ndan birini ham ko‘rsata olmadi.

Uchrashuvdagi eng achinarli jihatlardan biri — parijliklarning erkаtoy iste’dodi Zair-Emerining xatosi bo‘ldi. Odatda, himoyaning o‘ng qanotida ishonchli o‘ynaydigan yosh yulduz, bu safar markazda o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. 27-daqiqada aynan uning to‘pni olib chiqishdagi bolalarcha xatosi “Monako”ga hisobni ochish imkonini berdi.

“Barselona”dan katta umidlar bilan olib kelingan yosh Dro esa maydonda deyarli ko‘rinmadi. Jismoniy kurashlarda raqibga butunlay yutqazdi, birorta ham yakkakurashda  g‘olib chiqmadi.

Jamoaning “miyasi” hisoblangan Vitinya bu o‘yinda o‘ziga o‘xshamadi. Noaniq paslar va pala-partish harakatlar uning o‘yiniga soya soldi.

​Uchrashuvdan so‘ng Luis Enrique jamoasining o‘yinidan norozi ekanini yashirmadi:

​- Biz juda ko‘p xato qildik. Bunday pala-partish o‘yin bizning uslubimiz emas. Oldinda bizni “Chelsi”ga qarshi Chempionlar ligasidagi bahs kutmoqda, bunaqa o‘yin bilan u yerga borib bo‘lmaydi, - dedi ispaniyalik bosh murabbiy.

PSJ markazdagi bo‘shliqni zudlik bilan yopmasa, kelayotgan chorshanba kuni “Chelsi” bilan bo‘ladigan Chempionlar ligasining 1/8 finalidagi birinchi uchrashuvning o‘ziyoq parijliklar uchun haqiqiy “dahshat”ga aylanishi hech gap emas.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!