Qarzdorliklardan qutulgan "Sho‘rtan" yana qanday muammoga yo‘liqqanini bilasizmi? Asror Aliqulov nimadan jiddiy xavotirda?

  • 6 iyul, 2021, 22:47
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro-ligada ishtirok etayotgan “Sho‘rtan” klubi salbiy natija qayd etyapti. Bor-yo‘g‘i 5 ochko bilan oxirgi o‘rinda.

Tecno

Barchaga yaxshi ma’lumki, klub yillar davomida xorijliklardan qarz bo‘lib yurdi va bunga yarasha turli diskvalifikatsiyalarga uchradi, FIFAdan ta’qiq qo‘yildi, xullas ko‘p qiyinchiliklarni ko‘rdi.

Yaqindagina “Sho‘rtan” klubi barcha qarzdorliklardan qutuldi. Ana endi klubdagilar erkin va xotirjam ravishda ishlaydi, deb turilgan bir vaziyatda yana boshqa muammolar ham bo‘y ko‘rsatyapti. Yaxshisi, qolganini klub bosh murabbiyi Asror Aliqulovdan eshitamiz.

“Futbolchilardan tejab qolingan pullar evaziga qarzdorliklarni bartaraf etdik”

- Jamoada bir yarim yildan beri qattiq ta’qiq ostida ish olib borishga majbur bo‘ldik. Shunda ham o‘tgan yili klub o‘z oldiga yuqori vazifa qo‘ydi va Superligaga chiqish uchun kurashib ko‘rdi. Bu yil esa ko‘rib turganingizdek, “Sho‘rtan” pro-ligada jon saqlab qolish uchun harakat qilyapti. Klubning bunday ahvolga tushib qolishiga oldingi yillarda to‘planib qolgan qarzdorliklar sabab. Shu orqali “Sho‘rtan” qiyin vaziyatga duch keldi. Qarzdorliklarni nimaning evaziga yopish mumkinligi xususida bosh qotirdik. Natijada jamoada moliyaviy tomondan pullarni tejab qolish bilan qarzdorliklarni yopish masalasi qo‘yilgan. Biz pullarni nimadan tejadik? Ko‘proq futbolchilarning ish haqlaridan. Albatta, biz qiyin yo‘lni tanladik. O‘zimiz bera olishimiz mumkin bo‘lgan maoshga qarab o‘yinchilarni jalb qildik. Aynan futbolchilardan tejab qolingan pullar evaziga bir necha yillik qarzdorliklarni bartaraf etib keldi. Bu hol esa ayniqsa, murabbiylar shtabi uchun juda og‘ir edi. O‘tgan yildan jamoamizda mukofot pullari bekor qilingan. Bularning bari qarzdorliklarni bartaraf etib, o‘zini erkin his qilishiga qaratilgandi. Ammo “Sho‘rtan” oxirgi ikki yilda og‘ir rejim ostida ishlab keldi.

alikulov3_2

“Endi jamoani shakllantirish kerak bo‘lganda e’tibordan chetda qolyapmiz”

- Xabaringiz bo‘lsa, bu mavsumni hammasi bo‘lib 15 ta futbolchi bilan, bulardan 13 tasi maydondagi o‘yinchilar bo‘lsa, 2 tasi darvozabon va aynan ular bilan o‘yinlarni boshladik. Ular pro-liga saviyasi uchun emas, balki o‘zimiz taklif qilishga qodir bo‘lgan futbolchilar edi. Rahbariyat va “O‘zbekneftgaz” tufayli hamma qarzdorlikdan qutuldik. Shunda biz hamma qiyinchilik ortda qoldi deb o‘yladik. Ammo hozir transfer oynasi ochilgan paytda “Sho‘rtan”da yana tushunarsiz vaziyat. Homiyimiz almashgan. Biz esa jamoaga yangi o‘yinchilarni taklif qilishimiz kerak. Ularga qanday maosh bera olishimizni aytishimiz kerak. Ammo klubdagi moliyaviy holat qorong‘u. Transfer oynasi yoki futbolchilar kutib turmaydi. Tezroq jamoani shakllantirishimiz darkor. Safimizda bor-yo‘g‘i 15 ta o‘yinchi bor. Ulardan 7-8 tasi U-18 jamoasidan. Demak, tarkibni to‘ldirishimiz lozim. Afsuski, mana shunday paytda e’tiborsiz qolib ketyapmiz. Qisqa vaqt ichida masalani hal qilmasak, bizga juda qiyin bo‘ladi. Murabbiy sifatida bizni ham yaxshi futbolchilar bilan ishlagimiz keladi. Muxlislar oldida ham o‘zimizni ko‘rsatgimiz kelyapti. Shu paytgacha boshimizdan o‘tkazgan barcha qiyinchiliklarimiz “Sho‘rtan”ni qarzdorlikdan qutulishi va o‘zini erkin his qilishi uchun edi. Qarzdorliklarga klub menejeri Shamil Yarulinni yoki meni hech qanday aloqador joyimiz yo‘q. Biz mana shunday sharoitda ishladik, chidadik. Endi bo‘lsa, jamoani shakllantirishimiz kerak bo‘lganda e’tibordan chetda qolyapmiz. Jamoamizga ko‘mak kerak. Endi shu tomonlama qiynalyapmiz. Mashg‘ulotlarni qachondan boshlaymiz, tarkibga kimlarni taklif qilamiz, hammasi qorong‘u. Homiy almashgani tufayli jamoamizga qanday moliyaviy yordam ko‘rsatilishi borasida mavhum bo‘lib turibdi.

alikulov7

“Klubning hozirgi ahvolidan keyin qaysi yo‘ldan yurishimiz qorong‘u”

- Bosh menejer vaziyatni o‘zgartirish uchun harakat qilyapti. Klub infrastrukturasidagi barchasi bosh homiy bo‘lgan “Sho‘rtanneftgaz”ga tegishli. Oldin futbol maktabi nomiga ishlagan. Futbolchi jalb qilishga qancha qiynaldik?! Jamoada poydevor bo‘lmagan. Futbolchilar o‘rnini bosadigan yoshlar tarbiya qilinmagan. Endi shu masalalar bo‘yicha ham ishlar qilindi. Faqat vaqt kerak va bir necha yil ichida bu o‘z mevasini berishni boshlaydi. Lekin klubning hozirgi ahvolidan keyin qanday yo‘ldan yurishimiz qorong‘u bo‘lib qoldi. Qisqa vaqt ichida muammolarni hal qilish va bizga yordam kerak.

“Mag‘lubiyatlarga sabr qildik, muxlislarning yomon so‘zlariga chidadik”

- “Sho‘rtan”da shuncha vaqt o‘ynagan futbolchilarga minnatdorchilik bildirgim keladi. Hozirgi paytda mukofot pulisiz futbolchilarni o‘ynatish juda qiyin. Ba’zida ularning o‘zlari aytib qolishadi: biz ham futbolchi olaylik deb. Qiyinchiliklarni ko‘rdik, mag‘lubiyatlarga sabr qildik, muxlislarning yomon so‘zlariga chidadik. Bularning barchasi “Sho‘rtan”ning qarzdorliklaridan qutulish uchun edi. Ya’ni, mana shu kunga etib kelish uchun hammasiga chidab keldik. Endi bundan buyog‘iga jamoamizga e’tibor kerak, qo‘llab-quvvatlashlarini istaymiz.

asror5

“Futbolchilarning oylik maoshlarini oshirish ko‘zda tutilgan, lekin hozirgi holatda...”

- Futbolchilarimizning 5-6 nafari 3 million so‘m oylik maosh olishadi. Qolganlari 1 million atrofida. Albatta, qiyinchiliklardan keyin ularning oylik maoshlarini oshirish masalasi ko‘zda tutilgan. Lekin hozirgi holatda bilmadim...Homiyimiz aniq bo‘lmay turib, buni amalga oshirish mushkul.

“Pro-lidaga qolishga hali imkoniyatimiz bor”

- Pro-liga 10 avgustdan boshlansa, 10 iyuldan yig‘ilib, yangi futbolchilarni jalb qilib, keyingi davralarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish va jamoani shakllantirish borasida rejalarimiz bor. Hali qolishga imkoniyatimiz bor. Ayrim yangi futbolchilar bilan og‘zaki kelishuvga ham erishganmiz. Tarkibimizda ko‘plab bo‘sh chiziqlar va futbolchilar etishmovchiligi mavjud. Ilgari murabbiy va o‘yinchilarni aldash kabi holatlar yuz bergan, ammo bizni bu yo‘ldan yurish niyatimiz yo‘q. Agar kimnidir taklif qilsak, unga kelishgan oylik maoshni to‘lashimiz shart. Shu bois imkoniyatimiz etadigan maoshlarni ularga aytishimiz talab etiladi. Katta-katta va’dalarni berib, keyin so‘zimizning ustidan chiqa olmaslik bu bizga yarashmaydi. Shunga o‘xshash kabi oldingi xatolarni yana takrorlash niyatida emasmiz. To‘lashga qurbimiz etadigan pulga yarasha futbolchi chaqirmoqchimiz. Yana qaytaraman: bizga homiy tomonlama e’tibor zarur.

asror2_1

“Mavsumni 15 nafar futbolchi bilan boshlash mumkinmi?

- Menga takliflar bo‘ldi. Qiyinchiliklarni engib o‘tdik, ammo hech qachon bu haqda gapirmaganmiz, chunki bu bahonadek tuyuladi. Hamma murabbiy ham jamoasiga Superliga yoki pro-liga saviyasiga qarab futbolchi chaqiradi. 15 nafar futbolchi bilan chempionatni qanday boshlash mumkin? Pandemiyada qiyin sharoitlarda ishladik. Mayli, hammasi ortda qoldi, o‘tgan kunlarni eslamoqchi emasmiz. Murabbiy sifatida bizni ham sifatli o‘yinchilar bilan ishlagimiz keladi. To‘g‘ri, sabr kerak, kutib turinglar deyishyapti, ammo sabrni ham chegarasi bor.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!