"Qizilqum" etakchisi: "Murabbiy hozircha nimanidir kashf qildi deya olmayman, "Neftchi"ning mag‘lubiyati menga ham yoqmaydi"

  • 14 aprel, 2022, 05:08
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qizilqum” O‘zbekiston Kubogidagi ishtirokini davom ettiryapti. Guruhdagi birinchi uchrashuvda “Navbahor”ga mag‘lubiyatga uchragan navoiyliklar bu safar mehmonda “Neftchi”ni engib qaytishdi. Yodingizda bo‘lsa kerak, chempionat doirasida ham “Qizilqum” bu raqibini mag‘lub etgan va o‘shanda javobsiz 3 ta gol urgan.

Tecno

Xullas, ikkinchi marotaba Navoiy klubi ustun keldi. “Qizilqum” safida “Neftchi”ning sobiq futbolchilari ham bor. Ayniqsa, Islom To‘xtaxo‘jaevni alohida aytish mumkin. O‘tan yildan beri “Qizilqum” sharafini himoya qilayotgan o‘yinchi mazkur bellashuvda ham ishonchli o‘yin ko‘rsatdi. Uchrashuvdan keyin u Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Avvalo Farg‘onada qo‘lga kiritilgan g‘alaba bilan tabriklayman. Bu bahs haqida qanday taassurotlar qoldi?

- Rahmat. Uchrashuv qiyin kechishi ma’lum edi. “Neftchi” jamoasi juda yaxshi harakat qildi. Faqat bizga omad kulib boqdi va gol urib ketdik.

- “Qizilqum” o‘tgan turda “Navbahor”ga yutqazgandi. Nima deb o‘ylaysiz, chindan ham “Navbahor” har jihatdan kuchlimi?

- Ha, o‘sha uchrashuvda mag‘lubiyatga uchradik. To‘g‘risini aytganda, menimcha o‘yin teng kurashlar ostida o‘tdi. “Navbahor” chindan ham oldingi yillarga qaraganda bu yil kuchliroq.

islom1_4

- “Neftchi” maydonida g‘alaba qozonish oson emas. Ammo “Qizilqum” buni uddaladi. “Navbahor”ga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng bu o‘yinga qanday motivatsiya topdinglar?

- Albatta, mehmonda g‘alaba qozonish qiyin, ayniqsa, vodiyda. Rosti, bu Kubok uchrashuvlari bo‘lgani sababli o‘yinlarda ko‘proq bosimsiz harakat qilyapmiz.

- Aslida Superliga bilan Kubok bahslariga tayyorlanishda qandaydir farq bo‘lyaptimi? Ya’ni, chempionat jamoa uchun eng muhimimi?

- Farqi guruh bosqichidan oxir-oqibat 3 jamoa keyingi bosqichga chiqadi. Boya aytganimdek, unchalik bosim yo‘q. Chempionatda esa har bir ochko juda muhim hisoblanadi.

islom_6

-  “Qizilqum” bosh murabbiyi Nikola Lazarevich jamoada nimanidir kashf qilyaptimi?

- Yaxshi murabbiy. Mehnat qilyapti. Natijasini kuzda ko‘ramiz. Har bir murabbiyni futbolga o‘z qarashi bor. Biz uning ko‘rsatmalarini bajarishga harakat qilyapmiz. Ammo hozircha hali nimanidir kashf qildi, deb ayta olmayman.

- Sobiq jamoangiz Neftchi sizga qanday ko‘rindi?  Oxirgi paytlarda ayniqsa, Superliga uchrashuvlarida yutqazyapti. Bu safar “Qizilqum”ga yana engildi. Aslida ular mag‘lubiyatga loyiqmidi?

- Yoshligimdan “Neftchi”ning muxlisiman. Mag‘lubiyatga uchrayotgani menga ham yoqmaydi. Jamoa endi Superligaga chiqdi. Ko‘plab yangi futbolchilar olindi. Albatta, bunday paytda ularga vaqt talab qilinadi. Muxlislardan ozgina sabr qilib, qo‘llab turish kerak.    

islom2_4

- Ko‘pchilik bunday yig‘ilgan tarkibda hatto murabbiyni ham keragi yo‘q, hammasi tajribali futbolchilar, o‘zlari nima qilishni bilishadi, deyishadi. Bunga qanday qaraysiz?

- Bunga qo‘shilmayman. Murabbiyni qo‘li bilinadi. Yo yaxshi tomonga, yo salbiy tomonga. Xavi kelganidan so‘ng,“Barselona”ni o‘yini qanday o‘zgarganini ko‘ryapmiz.

- Klubda moliyaviy tomondan ahvol qanday? Oylik maosh va mukofot pullari vaqtida berilyaptimi yoki biroz uzilishlar bormi?

- Bu tomondan umuman muammo yo‘q. Hammasi o‘z vaqtida.

islom3_3

- “Qizilqum”ning chempionatdagi ishlari yaxshi ketyapti.  Ammo barqarorlikni saqlash oson emas. Buning uchun nima qilish kerak?

- Tinimsiz mehnat kerak. Doim oldinga intilishga harakat qilish lozim. Har kuni ozgina bo‘lsa ham o‘sish uchun harakatdan to‘xtamaslik talab etiladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Жабборов Ахмаджон
14/04/2022 12:22
Fargonani yxshi kurganingda pul uchun ketvormagan bularding‘ mana berdiev haliyam fargonada