"Qizilqum"dagi vaziyatni Agamurodov ham nega o‘nglay olmayotgani, tarkibdagi raqobatning kuchli emasligi, ichki muhitning bugungi holati va boshqalar haqida Vohid Shodievdan ochiq-oydin fikrlar

  • 15 iyul, 2020, 21:54
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Chempionatimizda g‘alabasiz odimlayotgan uchta klubdan biri bo‘lib kelayotgan “Qizilqum” jamoasining bugungi kundagi ahvoliga chindan ham havas qilib bo‘lmaydi. Mutasaddilar vaziyatdan chiqish yo‘llarini izlashyapti, o‘zgarishlar qilyapti, ammo hozircha natija ko‘rinmayapti.

Jurnalist sifatida o‘zimiz chetdan turib bu haqida qandaydir mulohazalar yozishimiz ham mumkin. Lekin boshqalarga bu shunchaki quruq gapdek tuyulishi ham hech gap emas. Shuni inobatga olgan holda “Qizilqum”dagi vaziyatni tahlil qilish va muvaffaqiyatsizlikning sabablarini o‘rganish uchun o‘sha jamoadagi etakchilardan biri hisoblangan hujumchi Vohid Shodievga taklif kiritganimizda u o‘z munosabatlarini ochiq-oydin bildirishga rozilik bildirdi. 

O‘yinlarning markazlashgan holda o‘tgani yaxshimi yoki...

Yaqinda PFL Coca-Cola Superligasining navbatdagi uchta turini Toshkent va Toshkent viloyatida markazlashgan holda o‘tkazish taklifini ilgari surgandi. Biroq hozircha bunday reja amalga oshishi aniq emas. Xo‘sh, bu holatga “Qizilqum” hujumchisi Vohid Shodievning qarashlari qanday?

-  Birinchi navbatda sog‘lik muhim. Qolgani keyin bo‘laveradi. Albatta, bir tomondan qaraganda, futbolchilarga ham o‘yinlar bo‘lib turgani yaxshi. Bu orqali o‘yinchilar sport formasini saqlab turishadi. Baribir ham boya aytganimdek, avvalo sog‘lik asosiy o‘rinda turadi.

Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat futbolchilarga qanchalik  ta’sir ko‘rsatyapti?

Hozirda yurtimizda koronavirus tufayli karantin choralari yanada kuchaytirilganini barcha yaxshi bilib turibdi. Chempionatimiz o‘yinlari esa shundoq ham muxlislarsiz o‘tkazilmoqda. Umuman aytganda, pandemiya bilan bog‘liq holat futbolchilarga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda? Shodiev bu masalada shunday javob qaytardi:

-  Baribir biz futbolchilarga ham ta’sir qiladi. Chunki ko‘rib turibsiz, hamma uchrashuvlar muxlislarsiz o‘tyapti. Stadionda ishqibozlar bo‘lmasa, maydonga xuddi o‘rtoqlik o‘yiniga tushgandek bo‘lamiz-da. Muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi etishmayapti. Masalan, Namanganga borganda stadion ishqibozlar bilan to‘lib-toshardi. Garchi o‘z jamoasini qo‘llab-quvvatlashsa-da, muhimi muxlislar to‘la stadionda o‘ynashning zavqi boshqacha bo‘ladi.

shodiev6

“Qizilqum”ning muvaffaqiyatsizligiga nima sabab bo‘lmoqda?

Chempionatimizda 9-turdan keyin ham oldingidek “Buxoro”, “Andijon” va “Qizilqum” g‘alabasiz seriyalarini davom ettirmoqda. Bugungi maqolamiz qahramoni “Qizilqum” etakchilaridan biri bo‘lgani sababli tabiiyki uning jamoasidagi vaziyatni tahlil qilamiz. Nima uchun navoiyliklar mavsumni bu qadar ishonchsiz o‘tkazishyapti? Jamoaga nima etishmayapti? Bu kabi savollarga javob berar ekan, Vohid quyidagilarni aytdi:

-  Birinchi karantin e’lon qilingan paytida jamoadagilar yaxshi shug‘ullana olishmadi. To‘g‘ri, boshqa klublarning holati ham bir xil edi. Lekin bizda tayyorgarlik kerakli darajada bo‘lmadi. To‘g‘ri, tayyorgarlik ko‘rildi, ko‘rildi emas, ammo hamma o‘z uyida imkoniyati darajasida shug‘ullangan. Ammo bu bahona emas. Yuqorida aytganimdek, boshqa jamoalar ham karantin paytida shunday vaziyatda edilar. Ammo bizning muvaffaqiyatsiz o‘yinlarimizni sabablari ko‘p. Misol uchun tarkibda ham muammolar bor. Yilning boshida esa jamoamizda moddiy tomondan ham etishmovchiliklar bo‘lgandi. Natijada tarkibga tajribali o‘yinchilarni taklif qila olmadik. Baribir yaxshi futbolchi yaxshi narx so‘raydi va kuchli klublarda o‘ynagisi keladi. Shunda ham baribir bor tarkibdan kelib chiqqan holda mehnat qilib, vaziyatni yaxshi tarafga o‘zgartirishga harakat qilyapmiz. Ko‘rgan bo‘lsangiz, “Navbahor”ga qarshi tengma-teng kurashdik. Hattoki, ayrim vaziyatlarda namanganliklardan ham yaxshiroq o‘yin ko‘rsatdik. Ozgina omad ham kulib boqmayapti. Vaholanki, har bir bahsda ikki-uchtadan golli imkoniyatlarimiz bo‘lyapti.

Namangandagi bahsda penalti bormidi?

Shodiev “Navbahor” bilan uchrashuv haqida to‘xtalgan chog‘ida o‘yin taqdirini hal qilgan penalti haqida ham so‘radik. Chunki o‘yindan so‘ng penalti belgilangan vaziyat ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi va ko‘pchilikda ikki xil taassurot qoldirdi. Bevosita o‘sha o‘yin ishtirokchisi bo‘lgan Vohid  mazkur holatga o‘z munosabatini bildirdi:

-  Penalti belgilangan vaziyat 50x50 edi. Hakam o‘sha holatda penalti belgilasa ham, belgilamasa ham to‘g‘ri bo‘lardi. Agar 11 metrlik nuqtani ko‘rsatmaganida ham unga hech kim e’tiroz bildirmasdi. Bu hakamning o‘zini qarori. Ammo nima uchun bunday qarorga kelganini bilmadim.

shodiev2

Agamurodov ham hozircha vaziyatni o‘zgartira olmayapti. Nega?

“Qizilqum”ning natijalarini yaxshilash uchun bosh murabbiylikka Tachmurod Agamurodov taklif qilingandi. Afsuski, haligacha ushbu mutaxassis ham klubni jarlikdan olib chiqa olmayapti. Ketma-ket mag‘lubiyatlar seriyasi davom etmoqda. Hozircha uning boshchiligida “Qizilqum” bir marta durang o‘ynagan xolos. Qolgan bahslarda esa yutqazib kelmoqda. Qiziq, murabbiyning taktikasini futbolchilar yaxshi tushunishmayaptimikin? Yoki bu erda boshqa gap bormi? Tabiiyki, bu haqida ham Shodievning fikrlari bilan qiziqib ko‘rdik.

-  Agamurodov yaxshi mutaxassis. Oldin “Buxoro”da ham u bilan birga ishlaganman. O‘sha paytlarda mening terma jamoaga chaqirilishimda ham ushbu murabbiyning mehnati singgan. Tachmurod Shamakovichni qattiq hurmat qilaman. Ammo vaziyat shunday tus olganida bu murabbiyni ayblash  noo‘rin. Tachmurod Shamakovichning o‘zi aytganidek, murabbiy talab qilayotgan ko‘rsatmalarni futbolchilar bajarib bera olishmayapti. Birinchi davradan keyin tarkibda o‘zgarishlar bo‘ladi va bir qator yangi futbolchilar kelishadi. Nasib bo‘lsa, jamoa yaxshi tomonga o‘zgarishi kerak. Ko‘z tegmasin, hozirda moddiy tomondan ham ahvol ijobiy tarafga o‘zgargan. Endi jamoaning yaxshi saviyadagi o‘yinchilarni ham taklif qilishga qurbi etadi. Yuqori o‘rinlar uchun kurasha olmasak-da, ammo Superligada raqobatbardosh jamoaga aylana olamiz.

Tarkibdagi raqobat kuchli emas

Uning gapida jon bor. Chindan ham “Qizilqum”ning kuchliroq o‘yin ko‘rsatishiga tarkibdagi futbolchilaring salohiyati etarli emas. Shu sababli murabbiylar ham tarkibdagi bor o‘yinchilardan foydalanishga majburlar. Bundan chiqdi, ayni chog‘da tarkibdagi raqobat ham etarli darajada emas. Buni Shodiev ham tasdiqladi.

-  Ha, jamoamizdagi raqobat ham etarli darajada emas. Bundan tashqari, futbolchilarimizda ham jarohatlar ko‘p uchramoqda. Masalan, bir o‘yinda ikkita o‘yinchimiz jarohat olsa, keyingisida yana boshqalari safdan chiqishyapti.

Aslida klubdagi ichki muhit qay ahvolda?

Futbolda g‘alaba yoqimli tuyuladi, mag‘lubiyat esa aksincha. Doim yutqazaverilsa ham bu futbolchilarning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Oqibatda jamoadagi muhitga ham putur etkazib qo‘yishi hech gap emas. “Qizilqum” esa aynan mag‘lubiyatlar girdobiga tushib qolganini hisobga olsak, u erdagi muhit qanday ahvolda? Vohid Shodiev bu holatni quyidagicha izohladi.

-  Jamoamizda muhit yaxshi. “Qizilqum”ni yaralangan sherga qiyoslash mumkin. Hammamiz bir oiladekmiz. Ichki muhit qoniqarli holatda. Men va yana ayrim yoshi katta o‘yinchilar jamoadagi muhitning buzilishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Har qanday holatda ham futbolchilar bir-birini hurmat qilishadi. Mag‘lubiyatlar jamoaning buzilishiga emas, balki yanada jipslashib, kuchayishiga turtki beryapti. E’tibor bersangiz, o‘yindan-o‘yinga yaxshiroq holatga kirib boryapmiz. Lekin o‘sha omad deganlari bizdan yuz o‘giryapti.

shodiev7

“Qizilqum” qachon g‘alaba qozonadi?

Jamoaning o‘yini chakki bo‘lmasa, unda qachon “Qizilqum”ning birinchi g‘alabasini ko‘ramiz? Axir vaqt o‘tyapti, o‘yinlar o‘tyapti, hademay birinchi davra ham tugaydi, shunday emasmi? Ammo g‘alabadan darak yo‘q. Bu borada Vohid Shodiev keyingi o‘yindan umid qilayotganini aytdi.

-  Keyingi turda “Buxoro” bilan o‘yinda g‘alaba qozonishga umid qilamiz. Garchi “Buxoro” bilan o‘yinda deb aytyapman-ku, lekin ular ham biz kabi turnir jadvalida oxirgi pog‘onalarda borishyapti va ularga ham g‘alaba kerak. O‘z navbatida bizga ham. “Buxoro” bilan juda qiziqarli uchrashuv bo‘ladi. Jadvalda yonma-yon borayotgan jamoalar o‘rtasidagi kurash jiddiy kechadi. Bir-biriga asosiy raqobatchilar sanaladi.

Vohid Shodiev jamoasiga qanday yordam bermoqda?

Shodiev 34 yoshga yaqinlashib qoldi. Ammo u hujumchi bo‘lgani sababli baribir undan gol kutishadi. Vohid esa ko‘pincha zaxiradan maydonga tushib jamoasining o‘yinini kuchaytirishga urinmoqda. Qiziq, Shodiev gol ura olmayotgan bo‘lsa, qaysi tomonlama jamoasiga yordam berishga urinmoqda?

-  Jamoada yosh futbolchilarimiz ko‘p. Mashg‘ulot jarayonlarida va o‘yin davomida ularga maslahatlar berib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishga harakat qilamiz. Biz ham o‘z vaqtida yosh o‘yinchi bo‘lganmiz va qaysidir hujumchilardan o‘rnak olganmiz. Bu bilan yoshlarni o‘zimdan o‘rnak olishlari kerak, demoqchi emasman. Baribir har qanday holatda ham jamoani qo‘llab-quvvatlashimiz kerak. Maydonga tushganda ham qanday bo‘lmasin jamoa uchun harakat qilyapmiz. Kimni maydonga tushirishni murabbiy biladi. Ammo men har doim maydonga tushishga tayyor bo‘lib turaman. Bizda bu yosh o‘yinchi, bunisini yoshi o‘tib qolgan, degan tushuncha yo‘q. Biz bir jamoamiz va barcha uchrashuvlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz. Har bir futbolchi o‘z ishini qiladi va olayotgan oylik maoshini halollab olishi kerak. Biz esa mehnat qilishda davom etamiz. Men esa hali qo‘l ko‘targanim yo‘q va jamoaga yordam berish uchun harakat qilaman, yordam berish qo‘limdan keladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!