Qosimov jamoasi taxminlarni oqlaydimi yoki...

  • 6 may, 2023, 11:12
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 9-turini yakunlab beruvchi o‘yin – OKMK hamda “Qizilqum” jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Mirjalol Qosimov boshchiligidagi olmaliqliklar Superliganing oxirgi ikkita uchrashuvida ketma-ket mag‘lubiyatlarga uchragani yodingizdami? Avvaliga “Metallurg”ga 2:0, so‘ngra “Paxtakor”ga 2:1 natijasida mag‘lub bo‘ldi. 8-tur bahslari qoldirilgach, OKMK endi o‘z-o‘zidan navbatdagi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ryapti. Qosimov jamoasining chempionatda birin-ketin ikki marta yutqazganini inobatga olsak, OKMK qanday bo‘lmasin g‘alaba uchun borini berishi aniq. Ularni hatto durang ham qoniqtirmaydi. Mag‘lubiyatlar sababli jamoa turnir jadvalida o‘ziga yarashmagan o‘rinda yuribdi. 7 ta bahsda 3 g‘alaba, 1 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etib turibdi. Ushbu omil ham OKMKni faqat va faqat g‘alaba uchun undashi shubhasiz.

Shunday ekan, “Qizilqum” klubini juda murakkab o‘yin kutyapti. Asror Aliqulov bosh murabbiylik qilayotgan navoiyliklarning joriy chempionatdagi natijalari qoniqarli darajada emas. Chunki “Qizilqum” hisobida hozircha faqat bitta g‘alaba bor xolos. Shuningdek, 2 durang va 4 mag‘lubiyati ham mavjud. Oqibatda 5 ochko bilan turnir jadvalida 13-pog‘onani egallab turibdi. “Qizilqum” hozircha chempionatda eng oz – 3 ta gol urdi xolos.

kizilkum3_3

Navoiyliklar shu kungacha yagona bo‘lib turgan g‘alabasini 2-turda qo‘lga kiritgan. O‘shanda “Buxoro” ustidan 1:0 hisobida g‘olib chiqishgan. Shundan beri Aliqulov jamoasi g‘alaba qozona olmayapti. Yaqinda klubga jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy Augustin Chiritsa taklif qilindi. Aliqulov hozir qanday qilib OKMKdan ochko tortib olish haqida bosh qotiryapti. O‘z navbatida olmaliqliklarga ham g‘alaba qanchalik zarurligini yuqorida yozib o‘tdik. Tarkib va o‘yin tomonlama Mirjalol Qosimov jamoasida ustunlik bor. Shuning uchun ko‘pchilik ushbu to‘qnashuvda OKMKning g‘alabasiga shubha ham qilmayapti.

mirjalol5_1

O‘zaro o‘yinlarga keladigan bo‘lsak, bu jamoalar chempionat doirasida bir-biri bilan 32 marotaba maydonda kuch sinashishdi. Yaqqol ustunlik bo‘lmasa-da, kichik ustunlik bilan olmaliqliklar oldinda. Boisi, ularning hisobida 14 ta, “Qizilqum”da esa 13 ta g‘alaba bor. 5 ta bellashuvda kuchlar teng kelgan. To‘plar nisbati 53\44 OKMK foydasiga. Klublarning o‘tgan yilgi uchrashuvlariga nazar tashlasak, har ikkalasi safarda yutgan. “Qizilqum” maydonida OKMK 1:4 hisobida g‘alabani qo‘lga kiritgan. OKMK mezbonligida o‘tgan bahsda esa mehmonlar yagona gol evaziga 3 ochkoni qo‘lga kiritishgan. Qizig‘i, “Qizilqum” 2021 yili ham OKMK maydonida muvaffaqiyat qozongan. O‘shanda 1:2 natijasi bilan ustunlikka erishgan. OKMK o‘z uyida navoiyliklarni oxirgi bor 2020 yilgi chempionatda 2:1 hisobida mag‘lub etgan.

8 may sanasida o‘tkaziladigan uchrashuv ikki jamoa uchun ham muhim. Taxminlar o‘zini oqlaydimi yoki “Qizilqum” syurpriz qila oladimi?

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!