Qozogʻistonda jang sanʼati boʻyicha Osiyo chempionati oʻtkazildi

Bugun mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi va sa’y —harakati bilan jismoniy tarbiya va sportga juda keng miqyosda imkoniyat va sharoitlar yaratilmoqda. Buning oddiy misolini esa joriy yilning 3-6 aprel kunlari Qozog‘istonning Chimkent shahrida milliy sport turimiz bo‘lgan O‘zbek jang san’ati (jang san’ati) bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida sportchilarimizning eng ko‘p medallarni jamg‘arishganidan ham  bilish mumkin. Yana bir gap, musobaqada turli millat vikiillaridan iborat hakamlar tomonidan jang san’ati qoidalari sof o‘zbek tilida jaranglagani —milliy sport turlarimiz dunyo bo‘ylab keng rivojlanayotgan, qadriyatlarimiz ulug‘lanayotganidan  dalolat. 

Ushbu chempionatda Hindiston, Janubiy Koreya, Tojikiston,  Qirg‘iziston kabi o‘n beshdan ortiq davlatlardan jam bo‘lgan 1500 nafaridan ortiq sportchilar chempionlik uchun milliy urf —odatlarimiz, qadriyatlarimiz mujassamlashgan mashqlarni mohirlik bilan namoyish etishdi. 

Chempionat doirasida tantanali ochilish marosimi tashkil etildi. Mazkur ochilish marosimida so‘z olganlar o‘zbek sportining qit’alaro keng rivojlanayotgan,  yoshlarning sevimli sport turiga aylanib ulgurganini, ayniqsa, milliy qadriyatlarimiz timsoli aks etganini ta’kidlab, musobaqa ishtirokchilariga omad tilashdi. Shundan so‘ng bellashuvlarga start berildi.

Reglamentiga muvofiq, musobaqaning birinchi kunida 7 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan yosh atletlar "Jang kurashi" yo‘nalishi bo‘yicha kurash olib borishgan bo‘lishsa, bellashuvlarning ikkinchi kunida 16-17 yosh va  kattalar o‘rtasida "Temuriylar bellashuvi" hamda "Ko‘rgazmali chiqish" yo‘nalishlarida o‘zaro kuch sinashishdi. 

Yuqori saviyada va murosasiz o‘tgan musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida faxrli birinchi o‘rinni mamlakatimiz terma jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni mezbonlardan iborat terma jamoa egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Qirg‘iziston va Tojikiston sportchilariga nasib etdi. 

Ilhom RAHMONOV tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!