
Qudratillo Abduqahhorov voz kechgan kamar uchun sobiq jahon chempioni jang qiladi
WBCning ma’lum qilishicha, 22 avgust kuni yarim o‘rta vazn toifasida (66.6 kg) ushbu yo‘nalish sobiq chempioni Shon Porter hamda mag‘lubiyatsiz odimlayotgan Sebastyan Formella o‘rtasida WBC Silver kamari uchun jang tashkil qilinadi.
“Showtime” kanali orqali translatsiya qilinadigan mazkur qarama-qarshilik Los Anjeles shahridagi “Maykrasoft” teatrida tashkil etiladi. Porter (30-3-1) 2018 yilning sentyabr oyida Denni Garsiyani mag‘lub etib, WBC kamarni qo‘lga kiritgan va birinchi himoya jangida kubalik Yordenis Ugasni mag‘lubiyatga uchratgandi. Ammo keyinchalik u IBF chempioni Errol Spens bilan bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvda engilgan. Yilning eng yaxshi janglaridan biri, deya e’tirof etilgan, ushbu bahsda Porter ochkolar hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ygandi.
Hozirda Porter WBC reytingda birinchi o‘rinda qayd etilgan. Formella ustidan qozonilgan g‘alaba, uni yana jahon chempionlik kamari uchun jang qilish imkoniyatini oshirishi mumkin. Noyabr oyida Spens o‘zining WBC va IBF jahon chempionlik kamarlarini Denni Garsiyaga qarshi himoya qilishi rejalashtirilgan.
Garsiya WBC reytingida ikkinchi o‘rinda bormoqda. Formella ( 22-0, 10 KO) yanvar oyida Roberto Arriaza ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng, yana ringga qaytmoqda. U deyarli butun faoliyati davomida Germaniyada ringga ko‘tarilgan va u Porterga qarshi juda katta tavakkal qilmoqda. Iyul oyida Formella IBO kamarini qo‘lga kiritib, bitta himoya jangini o‘tkazgan. Shuningdek, Formellaning asosiy janglari o‘rta vazn (72.5 kg) va birinchi o‘rta vazn toifalarida (69.8kg) bo‘lib o‘tgan. U keyinchalik yarim o‘rta vaznga tushgan.
Ma’lumot uchun, yarim o‘rta vazn toifasidagi WBC Silver kamari o‘z vaqtida hamyurtimiz Qudratillo Abduqahhorovga tegishli edi. Ba’zi sabablarga ko‘ra, bu kamardan yurtdoshimiz voz kechganidan so‘ng, Denni Garsiya bo‘sh qolgan ushbu titulni qo‘lga kiritgan edi. Endi esa, u ham jahon chempionlik kamari uchun ringga ko‘tarilishi bois ushbu kamarni vakant qoldirdi.
Fikrlar