
Rafael Varan: "Butun umrga tatigulik ajoyib hotiralar bilan xayrlashmoqdaman"
"Real Madrid", "Manchester Yunayted" va Frantsiya terma jamoasining sobiq himoyachisi Rafael Varan 31 yoshida professional futboldagi faoliyatini yakunlashga qaror qildi. U mazkur qaroriga to‘xtalib, xayraluv maktubini yo‘lladi:
“Faoliyatimda men ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirdim. Ularni vaqti-vaqti bilan engib chiqdim. Boshida o‘sha muammolarning deyarli barchasiga echim topish imkonsizdek bo‘lib tuyulgan edi. Aql bovar qilmaydigan his-tuyg‘ular, ajoyib lahzalar va umr bo‘yi davom etadigan xotiralar qolmoqda millionlar o‘yinidan. Shu onlar haqida o‘ylar ekanman, barchamiz yaxshi ko‘radigan sport turini yakunlaganimni katta g‘urur va mamnuniyat bilan e’lon qilaman.
Yuragingizni va istaklaringizni tinglash uchun katta jasorat kerak. Sizning xohishingiz va talabingiz ikki xil narsadir. Men ming marta yiqilib, ming marotaba o‘rnimdan turdim. Ammo bu safar futboldan ketishim kerakligini his qildim.
"Lans", "Real Madrid" va "Manchester Yunayted"dagi faoliyatim va albatta terma jamoamiz uchun oxirigacha kurashib harakat qildim.. Men har bir musobaqada bor kuchim bilan o‘z jamoalarim sharafini himoya qildim va o‘yinning har bir daqiqasidan zavq oldim. Eng yuqori darajada o‘ynash - hayajonli tajriba bo‘ldi. Biz boshdan kechirgan his-tuyg‘ularni ya’ni futboldagi emotsiyalarni boshqa joyda topib bo‘lmaydi.
Biz sportchilar hech qachon o‘zimizdan qoniqish hosil qilmaymiz. Erishgan yutuqlarimizdan to‘xtab qolmaymiz. Bu bizning tabiatimizga hos narsadir. Men ortda qolgan vaqt davomida hech narsa uchun afsuslanmayman. Men orzu qilganimdan ham ko‘proq narsaga erishdim. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, men o‘zimning samimiylik tamoyillariga sodiq qolganimdan va jamoalar avvalgidan yuqori saviyada bo‘lganida, aniqrog‘i pik paytga chiqqanida ularni tark etishga o‘zim harakat qilganimdan faxrlanaman.
Umid qilamanki, barchangiz meni yaxshi xotiralar bilan yodda saqlaysiz. Maydondan tashqarida yangi hayot boshlanadi. Men "Komo"da qolaman. Shunchaki buyog‘iga endi butsalarimni "mixga ilaman" va boshqa lavozimda ish boshlayman. Tez orada bu haqda ko‘proq ma’lumot berishga harkat qilaman.
Ayni paytda men o‘ynagan har bir klubning muxlislari, jamoadoshlarim, murabbiylar va hodimlarining barchasiga rahmat. Bu sayohatni o‘zim tasavvur qilganimdan ham o‘zgacharoq qilganingiz uchun hammangiz qalbimdan chuqur joy egallandingiz. Rahmat orzular, rahmat futbol. Sevgi va chin samimiy tuyg‘ular bilan sizlarni o‘zgacha ardoqlagan Rafael Varan", - deb yozdi futbolchi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali.
Fikrlar