Raqib rekord o‘rnatdi, “Barsa” uyalib qoldi
Ispaniya chempionatining 11-turida amaldagi chempion “Barselona” o‘z maydonida “Elche” futbolchilarini qabul qilib, o‘yinda 3:1 hisobida muvaffaqiyat qozondi.
Biroq bu uchrashuv “Elche” nomini tarixga muhrladi. Gap shundaki, “Elche” Ispaniya chempionatlari tarixida “Barselona”ga qarshi uchrashuvda to‘pni raqibga nisbatan ko‘proq nazorat qilgan debyutant jamoa sifatida rekord o‘rnatdi.
Opta Sport statistika portali ma’lumotiga ko‘ra, “Elche” uchrashuv vaqtining 51 foizi davomida to‘pga egalik qilgan. Kataloniyaliklarda bu ko‘rsatkich 49 foizni tashkil qildi.
“Barselona” tarixida La Liganing yangi ishtirokchisiga qarshi bunday holat ilk bor qayd etildi (Bu ko‘rsatkich bo‘yicha ma’lumotlar 2005-2006 yilgi mavsumdan buyon to‘planmoqda).
Tur yakunlariga ko‘ra, “Barselona” 11 o‘yindan keyin 25 ochko bilan La Ligada ikkinchi o‘rinni egalladi. “Elche” esa 14 ochko bilan to‘qqizinchi pog‘onada bormoqda.
Fikrlar