Rasman! Baxtiyor Boboev yana "Navbahor"ga qaytdi
Bugun “Markaziy” o‘yingohning anjumanlar zalida “Navbahor” PFK rahbariyati, jamoa murabbiylari, futbolchilar va klub xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol assotsiatsiyasi prezidenti Xayrullo Hayitbaevich Bozarov, Namangan shahar hokimi, “Navbahor” PFK prezidenti Shavkat Shokirjanovich Abdurazzoqov ham ishtirok etishdi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar tarqatmoqda.
Yig‘ilishda “Navbahor” jamoasining joriy mavsumdagi ishtiroki muhokama qilindi. Shuningdek, tashkiliy masala ham ko‘rildi. Unga ko‘ra, shu kunga qadar “Navbahor” PFK direktori lavozimida faoliyat olib borgan Akmal Rahmonov o‘z lavozimidan ozod etildi. Klub rahbariyati tomonidan Akmal Rahmonovga minnatdorchilik bildirilib, keyingi faoliyatida omad yor bo‘lishi ta’kidlandi.
Klub direktori lavozimiga esa futbolchilik faoliyati davomida “Navbahor”da to‘p surgan, keyinchalik sevimli jamoamizda turli lavozimlarda, shuningdek, “Mash’al” hamda “Bunyodkor” klublarida faoliyat olib borgan, ulkan tajribaga ega bo‘lgan, “Navbahor”ning 1996 yilgi mavsumda chempionlik unvonini qo‘lga kiritishida munosib hissa qo‘shgan, o‘tgan mavsumda ham jamoada ma’lum muddat ishlagan Baxtiyor Boboev tayinlandi.

Fikrlar