
Rasman! Chezare Prandelli A Seriyada ish boshladi
Italiyaning "Jenoa" klubi rasman o‘zining yangi bosh murabbiyi sifatida Chezare Prandellini tanishtirdi. Bu haqda klub rasmiy sayti xabar bermoqda.
Biroq, hozircha klub va murabbiy o‘rtasida qanday asoslarda shartnoma imzolangani ma’lum qilinmayapti. Aytib o‘tish lozimki, Prandelli ushbu lavozimda kecha iste’foga chiqarilgan Ivan Yurichning o‘rnini egalladi.
Ma’lumot uchun, 61 yoshli italiyalik mutaxassis shu kungacha faoliyati davomida "Lechche", "Veronu", "Venetsiya", "Parma", "Roma", "Fiorentina", "Galatasaroy", "Valensiya" hamda "Al-Nasr" kabi klublarni boshqargan. U shuningdek o‘z vaqtida Italiya terma jamoasiga ham ustozlik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Jenoa” ayni damda A Seriyada 15 ochko bilan 14-o‘rinni egallab turibdi. Genuyaliklar shuningdek kecha kubog bahslarida quyi divizion vakiliga imkoniyatni boy berishib, musobaqa bilan xayrlashishgan edi.
Fikrlar