
Rasman! O‘zbekistonda yakka kurash sport turlari soni yana bittaga ko‘paydi
Jismoniya tarbiya va sport vazirligi rasmiy sayti tarqatgan xabarga ko‘ra, yurtimizda O‘zbekiston frantsuz boksi Savat Assotsiatsiyasi tashkil etildi.
Yaqinda O‘zbekiston frantsuz boksi Savat Assotsiatsiyasi Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tdi va maxsus guvohnomaga ega bo‘ldi. Shuningdek, assotsiatsiya O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimida belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazildi. Yangi assotsiatsiyaning prezidenti etib «Turonbank» ATB raisi Mirzaev Chori Sadibakosovich, Bosh kotib lavozimiga Xodjaev Shuhrat Arifdjanovich saylanishdi.
Assotsiatsiyaning ochilish marosimida yangi sport tashkilotining prezidenti Chori Mirzaev so‘zga chiqdi va faoliyatining yangi qirrasi haqida shunday dedi:
“Frantsuz boksi Savat chuqur ildizlarga ega bo‘lib, 300 yildan ko‘proq tarixga ega sport turi hisoblanadi. Frantsuz boksi Savat 1924 yil Parij shahrida bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiada o‘yinlarida rasmiy sport turlaridan biri bo‘lgan va Frantsiya davlati milliy merosi hisoblanadi. Sportning yangi-yangi qirralarini ochishga havasmandlar yurti bo‘lgan O‘zbekistonda ham mazkur tarixiy sport turini rivojlantirish maqsadida ushbu sport turi havaskorlari tashabbusi bilan O‘zbekiston frantsuz boksi «Savat» assotsiatsiyasi tashkil etildi. Bizning asosiy maqsadimiz yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni ommaviy sportga jalb etish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshirish va sport orqali millatlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni yanada rivojlantirishdir”.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston frantsuz boksi «Savat» assotsiatsiyasining tashkil etilishi, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish va asosiysi, yuksak madaniyatga ega bo‘lgan har tomonlama etuk hamda jismonan sog‘lom insonlarni shakllantirishda o‘zining munosib hissasini qo‘shishi shubhasiz. Zero, sog‘lom jamiyat – eng buyuk ishlarga qodir bo‘ladi
Fikrlar