
Ravshan Haydarov: "Endi bor e’tiborimizni bundanda yuksakroq zafarlarni qo‘lga kiritishga qaratamiz"
20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi finalidan o‘rin olgan O‘zbekiston - Iroq uchrashuvida 1:0 hisobi qayd etildi va unda vakillarimiz zafar quchib, musobaqa chempionligini qo‘lga kiritdi. Bellashuvdan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston bosh murabbiyi Ravshan Haydarov ishtirok etib, quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi:
"Albatta, xalqimiz, Yurtboshimiz va millat oldida chiroyli g‘alaba taqdim etganimizdan xursandmiz! Bugungi qiyin o‘yinni muvaffaqiyatli yakunlab, muxlislar ishonchini oqlay oldik.
Iroq termasi ham kuchli o‘yin namoyish etdi. Ammo biz ko‘proq vaziyatlar yaratdik va haqli tarzda musobaqa g‘olibiga aylandik, o‘ylashimcha.
Ikkinchi marta Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdim, to‘g‘ri. Ammo oldingisi U-23 termamiz bilan edi. Bu yoshdagi jamoalar bilan ham chempion bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldim. Albatta, inson muvaffaqiyat qozongan sari oldiga yangi marralarni qo‘yaverar ekan. Endi bor e’tiborimizni bundanda yuksakroq zafarlarni qo‘lga kiritishga qaratamiz.
Bu yigitlarning ko‘pchiligi va balki, deyarli hammasi uchun ilk final bahsi edi. O‘ylaymanki, muxlislar bosimidan zavq olishni o‘rganishimiz kerak. Albatta, ma’suliyatni ham unutmasligimiz lozim edi va biz buni uddalay oldik, menimcha. Prezidentimizning tashrifi ham bosim bo‘ldi, to‘g‘ri. Bu o‘yinda ham sezildi. Shunga qaramay, jamoamiz vazifani ijobiy bajara oldi.
Musobaqa g‘olibi bo‘lish ko‘p mehnatni talab qiladi. Albatta, hozirgi chempionatning alohida yutug‘i - muxlislar. Xitoydagi turnirdan bunisining farqi mana shunda bo‘ldi. Xalqimiz ko‘z o‘ngimizda bizni keragidan ortiq darajada qo‘llab-quvvatladi. Ularga jamoa nomidan o‘z minnatdorchiligimni izxor etaman.
Bir yarim yil ichida yig‘inlar o‘tkazdik. Chetga chiqmasdan yurtimizda mashg‘ulotlar olib bordik va eng kuchlilarini saralab oldik. Jamoamdan xursandman. Ular har xil o‘yin uslubi bo‘yicha harakat qila oladi. Yigitlar har qanday taktikaga moslashib keta oladi.
Bitta kamchiligimiz - kam gol urishimizda (kuladi). Uni ham yo‘qqa chiqarishga harakat qilamiz va jahon chempionatida bundanda kuchliroq bo‘lamiz, Xudo xohlasa.
Chempion bo‘lgan termaning hammasi yaxshi, deya e’tirof etiladi. Futbolchilarim o‘zining kuchli tomonlarini namoyish eta oldi. Abbos ham o‘zining eng yuqori formasida jamoaga yordam berishga harakat qildi va mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Muhimi, o‘sishdan to‘xtab qolmaslik kerak. Shunda g‘alabalar o‘z-o‘zidan kelaveradi", - dedi murabbiyimiz.
Fikrlar