
Ravshan Haydarov "Navbahor"ga qarshi o‘yindan so‘ng nimalar dedi?
Coca Cola Superliganing 10-turidan o‘rin olgan “Surxon” – “Navbahor” (1:1) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida “Surxon” bosh murabbiyi Ravshan Haydarov ishtirok etdi. Bu haqda "Navbahor" klubi matbuot xizmati xabar berdi.
- Bugungi o‘yin qiziqarli tarzda kechdi. Birinchi bo‘limning 15-20 daqiqasi “Navbahor”ning ustunligida o‘tdi, keyin esa shogirdlarim o‘zlariga kelib, o‘z o‘yinlarini ko‘rsatishni boshlashdi.
Ikkinchi bo‘limda umuman boshqacha futbol bo‘ldi. O‘ylaymanki, bugun 3 ochkoga loyiq o‘yin ko‘rsatdik. Omadsizlik tufayli durang qayd etdik. Xatolardan xulosa qilib, keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ramiz. Dastlabki 20 daqiqa mahalla futboliga o‘xshab ketgani rost. Bunga pandemiya sababli, yuzaga kelgan katta tanaffus, keyin himoyada etakchi futbolchilarimiz yo‘qligi sabab bo‘ldi. Menimcha, Darko Stanoevich bo‘lganida yigitlar o‘yinni xotirjam tarzda o‘tkazishardi.
To‘g‘ri, o‘yin oxirida futbolchilarda toliqish bo‘ldi. Zaxiramiz uzun emas, jarohat olganlar bor. Yosh futbolchilarni maydonga tushirishga hayiqdim. Reja bo‘yicha ketma-ket o‘yinlarga tayyor bo‘lishimiz kerak. Jarohat olgan futbolchilar safga qaytishlarini kutamiz. Afsuski, Aleksandr Kasyan to‘rtinchi sariq kartochkasini oldi va keyingi bahsda bizga yordam bera olmaydi.
“Surxon”da tajribali futbolchilar ko‘pmi? Bilasiz, men jamoaga mavsum yarmida keldim, futbolchilar menga qadar klubga kelishgan. Vazifam tarkibdagi shu bor futbolchilar bilan natija ko‘rsatish, - dedi Haydarov.
Fikrlar