“Real” 100 million yevroga baholangan hujumchini oladi

  • 24.02.2026 14:14
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Yevropa Chempionlar ligasi va Frantsiya chempionatining amaldagi g‘olibi “Pari Sen-Jermen” tarkibida o‘ynayotgan hujumchi Dezire Dué Madriddning “Real” klubi nishoniga  tushdi.

“Qirollik klubi” kelajagi porloq deya e’tirof etilayotgan yosh futbolchini sotib olish imkoniyatini jiddiy ko‘rib chiqmoqda.

“Real” mutasaddilari iqtidori tobora ochilib borayotgan Dué transferi uchun 100 million yevro to‘lashga tayyor. Bu haqida El Nacional jurnalistlari xabar bermoqda.

Madridliklar Duéga Parij jamoasida olayotganidan ko‘ra ko‘proq o‘yin vaqti taklif qilish orqali yosh hujumchini o‘ziga og‘dirib olmoqchi.

Dezire Dué 2024 yilda “Renn”dan PSJga 50 million yevro evaziga o‘tgan. Futbolchining shartnomasi 2029 yilning iyunigacha amal qiladi. Joriy mavsumda hujumchi parijliklar safida barcha musobaqalarda 23 ta o‘yin o‘tkazib, 8 ta gol urdi va 5 ta golli uzatma berdi.

Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 90 million yevro deb baholamoqda. Yaqinda Dezire Dué Globe Soccer Awards versiyasiga ko‘ra, 2025 yilning eng yaxshi yosh futbolchisi, deb topilgan.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!