“Real” beshta goldan keyin xato qilganini tushunib yetdi
ESPN nashri jurnalistlari xabariga ko‘ra, Madriddning “Real” klubi mutasaddilari braziliyalik Endrikni kelasi mavsumdanoq jamoa asosiy tarkibiga jalb qilishni rejalashtirmoqda.
Mavsum boshidan beri yetarli darajada o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagan 19 yoshli legioner yanvar oyida Frantsiya chempionati ishtirokchisi “Lyon” jamoasiga ijaraga jo‘natilgan edi.
Endrik yangi jamoasi safida dastlabki beshta uchrashuvda beshta gol urib, bitta golli pas uzatdi. Yosh hujumchining samarali o‘yini “Real” rahbariyatini be e’tibor qoldirmadi.
“Lyon” yorqin iste’dodga ega o‘yinchining ijara shartnomasini uzaytirish istagida. Biroq madridliklar Frantsiya klubi bilan hamkorlikni uzaytirmaslikka qaror qilgan. Manbaga ko‘ra, yangi ijara varianti umuman ko‘rib chiqilmaydi.
Braziliyalik futbolchi Frantsiya klubidan qanday takliflar bo‘lishidan qat’i nazar joriy chempionat yakunlanishi bilan Ispaniyaga qaytadi. “Real” o‘yinchi bo‘yicha har qanday taklifga rad javobini beradi.
Fikrlar