"Real" — Konferensiyalar ligasi darajasidagi jamoa ko‘rinishida o‘ynamoqda"

  • 13.04.2026 15:15
  • Bilolbek Imomov
  • 0
  • Futbol

Ispaniyalik jurnalist Edu Agirre Madridning "Real" klubi joriy mavsumda ko‘rsatayotgan o‘yin darajasini keskin tanqid qildi.

"Qaymoqranglilar" 31-tur doirasida "Jirona" bilan 1:1 hisobida durang o‘ynab, La Ligada chempionlik uchun deyarli imkoniyatini yo‘qotdi. Hozirgi paytda madridliklar jadvalda yetakchi "Barselona"dan 9 ochko ortda qolmoqda.

Agirrening fikricha, "Real"ning o‘yini Yevropa liga darajasida ham emas, balki yanada pastroq saviyada namoyon bo‘lmoqda.

"Real chempionatda Yevropa ligasi darajasida o‘ynamoqda. Yo‘q, hatto Konferensiyalar ligasi darajasida. Ular "Elche", "Selta", "Xetafe", "Malyorka" va "Jirona"ga qarshi o‘yinlarda qoqilishdi.

Bu holatlarda raqib darvozaboni 15 ta seyv qilgan vaziyatlar emas edi. Yo‘q, bu o‘yinlarda 75-daqiqaga keliboq jamoa yutolmasligi ma’lum bo‘lgan.

Bunday bo‘lmasligi kerak. Bu "Real" — o‘rta jadval jamoasi, Konferensiyalar ligasi darajasi", — dedi Agirre.

Ma’lumot o‘rnida, 15 aprel kuni Alvaro Arbeloa boshqaruvidagi "Real" Chempionlar ligasi 1/4 finali javob o‘yinida "Bavariya"ga qarshi maydonga chiqadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!