“Real” mag‘lubiyatga sababchi bo‘lgan futbolchi endi maydonga tushmaydi

  • 23.02.2026 05:15
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Ispaniya chempionatining 25-turida “Real” safar uchrashuvida “Osasuna”dan 1:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Bu bahsdan keyin raqibning g‘alaba goliga sababchi bo‘lgan Daniel Sebalyos javobgarlikni bo‘yniga olib, muxlislarga murojaat qilgandi.

Bu Sebalyos uchun yagona muvaffaqiyatsizlik emas. Tajribali futbolchi tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilganda jarohat olgani tasdiqlandi.

- O‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlardan so‘ng Dani Sebalyosning o‘ng oyog‘idagi boldir mushagida jarohat aniqlandi, - deyiladi “Real” bayonotida.

Ma’lum bo‘lishicha, 29 yoshli yarim himoyachi jarohati tufayli kamida yetti hafta uchrashuvlarda ishtirok eta olmaydi. Bu xabarni COPE nashri vakillari tarqatdi.

Joriy mavsumda Sebalyos barcha musobaqalarda 22 ta o‘yinda ishtirok etdi va ularda natijaviy harakatlar bilan ajralmadi. Uning klub bilan shartnomasi 2027 yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 8 million evroni tashkil etadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!