"Real" Rodri uchun kurashga kirishadi(mi)?
“Manchester Siti” yarim himoyachisi Rodriga qiziqish bildirayotgan “qirollik klubi”transfer bozorida faol harakat boshlash niyatida.
Ma'lumotlarga ko‘ra, ingliz klubi o‘zining asosiy futbolchilaridan birini sotishga tayyor, biroq buning uchun katta miqdordagi transfer puli talab qilinadi. “Shaharliklar” Rodrini qo‘yib yuborish uchun salmoqli taklif kutmoqda.
Shu bilan birga, ispaniyalik yarim himoyachining amaldagi shartnomasi kelasi mavsum oxirida yakuniga yetadi. Bu esa, “qaymoqranglilar”ga muzokaralarda qulay imkoniyat yaratishi va transfer narxini pasaytirish imkonini berishi mumkin.
Agar tomonlar kelishuvga erishsa, bu yozgi transfer oynasining eng shov-shuvli bitimlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.
Madrid klubi tayanchda o‘yinni nazorat qila oladigan futbolchini izlamoqda. Bunga sabab — jamoa afsonalari Toni Kroos va Luka Modrichning ketishi. Ushbu mashhur tandem klubning bir nechta Chempionlar ligasi g‘alabalarida hal qiluvchi rol o‘ynagan edi. “Real” ularning o‘rnini bosadigan munosib futbolchini topishga urinib ko‘rdi, biroq hozircha bu borada muvaffaqiyat qozona olmadi.
Avvalroq, “Arsenal” jamoasi a'zosi Martin Subimendi uzoq vaqt davomida madriddiklarning asosiy nishoni bo‘lib kelgandi. O‘tgan yozda futbolchi “Real Sosyedad” safida to‘p surayotgan paytda u ayniqsa, Xabi Alonso tomonidan yuqori baholangan. Biroq “Blankos” bu transfer poygasida “kanonirlar”ga imkoniyatni boy berdi.
Markazda tajribali o‘yinchi yetishmayotganini his qilgan madriddiklar endi e'tiborini Rodriga qaratdi. Ispan havbeki klubning o‘yin falsafasiga mos tushishi va mavjud variantlarga muqobil bo‘lishi mumkin.
Ispaniyalik jurnalist Ramon Alvarez de Monning xabar berishicha, Rodri Madriddning markaziy yarim himoyani kuchaytirish bo‘yicha birinchi raqamli maqsadi sifatida belgilangan. Klub futbolchining jismoniy holatini Premer-liga mavsumining ikkinchi yarmida va Jahon chempionati arafasida diqqat bilan kuzatib boradi, shundan keyingina rasmiy taklif bilan chiqishi kutilmoqda.
Manbaga ko‘ra, “Oltin to‘p” sovrindori Rodrining transfer narxi 50 million yevro (taxminan 43,9 million funt) atrofida baholanmoqda. “Shaharliklar” 29 yoshli futbolchini 2027 yil iyun oyida erkin agent sifatida yo‘qotib qo‘ymaslik uchun ma'qul taklif tushsa, uni sotishga tayyor.
Fikrlar