“Real” xo‘jayini “Oltin to‘p” sohibidan kecholmayapti
“Real” klubi rahbariyati “Manchester Siti”da oʻynayotgan “Oltin toʻp” sohibi Rodrini olish gʻoyasidan voz kecha olmayapti.
“Qirollik klubi” bu transferga qoʻl urishdan avval yarim himoyachining jismoniy holatini baholab chiqishni maqsad qilgan. Agar Rodrining ahvoli klubni qoniqtirsa, shundan soʻng uni imzolash imkoniyati oʻrganiladi.
Touchline jurnalistlari maʼlumotlariga koʻra, ispan klubi rahbariyati futbolchini yozda boʻladigan jahon chempionati davomida kuzatib boradi va aynan mundial uchrashuvlarida uning jismoniy holatini baholashni rejalashtirmoqda.
Xabar qilinishicha, bu transfer “Real”ga taxminan 50 million yevro atrofida tushishi mumkin. Klub futbolchining hozirgi holati va zich musobaqalar taqvimi sharoitida yuqori yuklamalarga chidamliligini ham hisobga olmoqchi.
Rodri 2024 yilda “Oltin toʻp” sovrinini qoʻlga kiritgan. Iyun oyida 30 yoshga toʻladigan yarim himoyachining “Manchester Siti” bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil oʻrtalarigacha moʻljallangan.
Fikrlar