"Roma" bosh murabbiyi Eldor Shomurodov haqida fikr bildirdi
"Roma" klubi bosh murabbiyi Jan Pyer Gasperini A Seriyaning 18-turidan o‘rin olgan «Jenoa»ga qarshi uchrashuv oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi. Mutaxassis jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida jamoaning sobiq futbolchisi Eldor Shomurodovni ham tilga oldi.
"Men futbolchi asosiy tarkibda o‘ynaydimi yoki o‘yin davomida maydonga tushadimi — bu haqida o‘ylamayman. Soule bu jamoa uchun muhim tayanch nuqtaga aylandi. Pellegrini ham ko‘p o‘ynadi, qolgan daqiqalar esa Dibala, Dovbik, Ferguson va Baldantsi o‘rtasida deyarli teng taqsimlandi. Balki Dovbik biroz kamroq o‘ynagan, chunki u jarohat olgan. Qo‘limizda shu futbolchilar bor va daqiqalarni ular o‘rtasida taqsimlaymiz. Uchrashuvning dastlabki 50 daqiqasida o‘ynash qolgan 40 daqiqada harakat qilishdan yaxshiroq degani emas. Lekin rostini aytsam, biz kerakli darajada gol ura olmayapmiz.
Bu muammo faqat bitta o‘yinga xos emas, balki tayyorgarlikni boshlaganimizdan beri mavjud. O‘tgan mavsumga nisbatan biz Eldor Shomurodov va Aleksis Salemakersni yo‘qotdik, evaziga Beyli hamda Fergusonni tarkibga qo‘shib oldik. Beyli jarohatlar bilan qiynaldi, Ferguson esa o‘z hissasini qo‘shmoqda. Aytishni istardimki, barcha “Roma”ni turnir jadvalida yuqori o‘rinlarga olib chiqish va shu yerda ushlab turish uchun ajoyib ish qildi. Biz buni davom ettirish niyatidamiz. Qanday bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Men hech qachon qishki transferlar oynasiga ishonmaganman, buni doim aytganman. Yangi futbolchilarni olsak ham, ularga moslashish uchun vaqt kerak bo‘ladi. Shuning uchun men hozirgi tarkibdagi futbolchilarga ishonaman", — dedi mutaxassis.
Ma’lumot uchun, Eldor Shomurodov o‘tgan yozgi transferlar bozorida rimliklar safini tark etib, Turkiyaning "Istanbul Boshakshehir" klubiga ko‘chib o‘tgan edi.
Fikrlar