
Ro‘ziqul Berdiev jamoasining mag‘lubiyatiga nima sabab bo‘lgani, kimlardan qoniqmagani va raqib haqida fikr bildirdi
Superliganing 13-turidan o‘rin olgan "Lokomotiv" - "Nasaf" uchrashuvidan keyin bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev jurnalistlar savollariga javob berdi.
“Futbolda birinchi o‘rinda natija turadi. "Lokomotiv"ni haqli g‘alaba bilan tabriklayman. Ularning bugungi o‘yinga bo‘lgan rejasi amalga oshdi, "Lokomotiv" himoyada yaxshi o‘ynab, qarshi hujumda bizni jazoladi. Biz esa himoyada qo‘pol xatolar qildik. Oxirgi o‘yinlarda Amonov ko‘p gol urayotgani va yaxshi formada ekanini ta’kidlagandik, lekin uni e’tibordan qochirdik. Mana shular bugungi mag‘lubiyatga asosiy sabab bo‘ldi. Biz qancha to‘pni nazorat qilmaylik, yuqorida aytganimdek, natija birinchi o‘rinda turadi", - dedi Ro‘ziqul Berdiev.
- “Nasaf” futbolchilari davralar oralig‘ida haddan ziyod yuklama olgandek ko‘rindi. Ya’ni, futbolchilar ko‘proq jismoniy yuklamalar olib nazorat uchrashuvlarida o‘g‘ir o‘ynashadi. Bugun “Nasaf” ham shunday ta’surot qoldirdi.
- Bu albatta sizning fikringiz, ammo 90-daqiqadan keyin ham futbolchilarimiz raqibdan ko‘proq yugurayotgandi. Buni amalda ham guvohi bo‘ldinglar. Oldingi o‘yindan farqi shuki, tarkibimizdagi yo‘qotishlar bor edi. Albatta, mezbonlarda ham yo‘qotishlar bor edi. Bugungi o‘yinda muhim rol o‘ynashi mumkin bo‘lgan futbolchilarimiz maydonda harakat qilishmadi. Chap qanot himoyachimiz Sherzod Nasrullaev o‘ynamadi, shu bois Bozorov ham maydonda "yo‘q" edi. Dilshod Saitov har qancha chap qanotda o‘ynashga harakat qilmasin, uning joyi o‘ng qanotda. Akmal Mozgovoyning ham maydon markazidagi o‘rni bilindi. Shu tufayli Markoni orqaroqqa tushirishga majbur bo‘ldik. Turdialiev esa biz kutgan o‘yinni namoyish eta olmadi. Shu omillar o‘yinimizga ta’sir qildi.
- O‘yindan oldin Abduholiqov va Bikmaevning maydonga tushmasligi xabar berildi. Bu sizning rejalaringizga ta’sir qildimi?
- Temurxo‘ja maydonga tushganida uning uchun alohida rejamiz bor edi, ammo Amonov so‘nggi o‘yinlarda Abduholiqovdan ko‘ra samarali harakat qilmoqda. U oxirgi o‘yinlarda “Paxtakor” va “Istiqlol” jamoalari darvozalariga gol urdi. Biz bu o‘yinlarni ko‘rib, tahlil qilib chiqqandik. Temurxo‘ja bugun maydonga tushgan taqdirda ham unga qarshi rejamiz bor edi. Bugun ikkala golda ham qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydik. Birinchi golda ham to‘pni orqaga qaytarishda xatoga yo‘l qo‘ydik. Ikkinchi gol ham birinchisiga o‘xshab ketadi. Bugun himoyachilarning o‘yinidan qoniqmadim. 3-4 himoyachimiz bor edi, ammo Azizbek ulardan qochib ketdi. Temurxo‘janing qanchalik mahoratli ekanini bilamiz, biroq Amonovning ham oxirgi o‘yinlardagi harakatlari yaxshi chiqmoqda.
"Nasaf" matbuot xizmati.
Fikrlar