Ro‘ziqul Berdiev: Kubok uchun juda qattiq "yonayotganimiz" yo‘q
O‘zbekiston Kubogidan o‘rin olgan "Paxtakor" - "Nasaf" uchrashuvi mezbonlar foydasiga 6:3 hisobida yakunlandi. O‘yindan so‘ng "ajdarlar" bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Bugun haqiqiy kubok bahsi bo‘ldi, deb o‘ylayman. Kubok o‘yinlarida ko‘p gol bo‘ladi. Biz xato bilan o‘yinni boshladik. Uchrashuv boshida 2:0 katta hisob, biroq biz o‘yinga qayta oldik. Hisob 3:3 bo‘lganida penalti ko‘rib chiqilishi lozim edi. Bundan keyin Alibek qizil oldi va bizni og‘ir holatda qoldirdi. Bugun mag‘lub bo‘ldik, "Paxtakor" jamoasini keyingi bosqichga yo‘l olgani bilan tabriklayman.
- Jamoa qatorasiga ikkinchi mavsum O‘zbekiston kubogida guruh bosqichida qolib ketdi. O‘tgan mavsum jamoa mamlakat chempioni bo‘lgandi. Bu yil esa jamoalar ancha kuchaydi. Jamoa kubokni qurbon qilishi qanchalik tavakkalchilik bo‘ldi?
- Ko‘rib turganingizdek, biz kubok uchun juda qattiq "yonayotganimiz" yo‘q. Albatta, guruhdan chiqishni xohladik. Bugun ham biz ko‘plab zaxiradagi futbolchilarni maydonga tushirdik. Shuningdek, biz Elit OChLda o‘ynaymiz, ba’zi o‘yinlar bir xil vaqtga to‘g‘ri kelib qolishi mumkin. Bu esa bizga ortiqcha yuk bo‘ladi. Bu gaplarim bilan bizga kubok kerak emas edi, demoqchi emasman.
- Bugungi uchrashuvda Oleksandr Vorobey oltita gol o‘tkazib yubordi. Birinchi bo‘limdan so‘ng Ne’matovni maydonga tushirishingizni kutgandim. Vorobeyning transferi qanchalik muvaffaqiyatli bo‘ldi? Uning harakatlariga qanday baholaysiz?
- Har ikki darvozabon mashg‘ulotlarda yaxshi tayyorgarlik ko‘rmoqda. Esingizda bo‘lsa, u "Xorazm"ga qarshi uchrashuvda ham maydonga tushdi. Undan oldingi o‘yinda Abduvohid ham xatolarga yo‘l qo‘ydi. Shuning ekan, qo‘limizdagi barcha futbolchiga imkoniyat berishimiz kerak. Hozir siz Vorobey haqida gapiryapsiz. Aslida, u biz uchun qimmatli futbolchi. Biz uni Umid jamoani tark etganidan so‘ng zaxira uchun olganmiz. Bugun nafaqat Vorobeyga, balki, boshqa futbolchilarga ham imkon berdik. Bugun meni eng xursand qilgani Bahromovning ajoyib o‘yini. Menimcha, u boshqalarga nisbatan ajralib turdi.
- Bugun darvozabon xatoga yo‘l qo‘ygani haqida gapirildi. Biroq hujumda ham vaziyatdan foydalanishda xatoliklarga yo‘l qo‘yildi. Bunga maydon holati ta’sir qildimi?
- Menimcha, bugungi eng katta muammomiz himoyadagi o‘yinimiz bo‘ldi. Bugun "Paxtakor"ga nisbatan kam gol urgan bo‘lishimiz mumkin, lekin biz bugun 3 ta gol " Paxtakor" bilan o‘yinda yaxshi. Bu yaxshi ko‘rsatgich. Lekin himoyadagi o‘yinimiz ko‘plab savollarni tug‘dirdi.
"Paxtakor"ning bugungi o‘yinidan kelib chiqib, jamoa Superligada ham chempionlik uchun kurashga qayta oladi deb o‘ylaysizmi?
- "Paxtakor"da juda yaxshi tarkib bor. Ko‘ryapsizlar chempionatimiz qizg‘in pallada. Kutilmagan natijalar ko‘p. O‘rinlar uchun kurashadigan jamoalar har yilgiga nisbatan ko‘payib ketdi. Menimcha, eng qiziq chempionat bo‘ladi. Mavsumning katta qismi oldinda. Bu yil ko‘p jamoalarda chempionlik uchun imkoniyat bor. "Paxtakor"da ham bo‘lsa kerak, menimcha.
- Joriy mavsum sizda eng kuchli hujum chizig‘i bor. Ko‘plab jamoalar bunday hujumchilarni orzu qiladi. Hujumchilaringizni harakatlarini qanday baholaysiz? Aynan Cheranga to‘xtalsak. U "Paxtakor"da juda ko‘p gol urardi. Bu yil vazifasi biroz o‘zgargandek.
- Cheran hujum ortida o‘zini ancha yaxshi his qiladi. Biz undan asosan shu chiziqda foydalanyapmiz. Har bir o‘yinda u maksimal harakat qilib jamoaga yordam berishga harakat qilyabdi. Bu yil bilasizlar bizni ikki nafar hujumchimiz Abduxoliqov va Marushich tark etdi. Ularni ham jamoamizga katta yordami tegdi. Bu mavsum ularning o‘rniga Norchaev va Xebayni taklif qildik. Bu hujumchilar bilan mavsum davomida harakat qilamiz.



Fikrlar