
Ro‘ziqul Berdiev: Mag‘lubiyatga munosib emasdik!
Superliga birinchi turidan o‘rin olgan "Nasaf" - "Paxtakor" uchrashuvida mehmonlar 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida "ajdarlar" bosh murabbiy Ro‘ziqul Berdiev quyidagi fikrlar bilan o‘rtoqlashdi:
"Futbolda birinchi o‘rinda natija turadi. Yigitlarimiz o‘zlariga ishongan holda harakatlanishdi, lekin penalti o‘yin taqdirini o‘zgartirib yubordi. Albatta, bunda futbolchilarimizni ayblamaymiz, bugun butun jamoa bo‘lib yutqazdik. Qaerdadir xatolarga, qaerdadir e’tiborsizlikka qo‘l urdik. Mag‘lubiyatga munosib emasdik, yangi va yosh tarkib bilan amaldagi chempionga qarshi munosib qarshilik ko‘rsatishga harakat qildik. Alamli tomoni, 2:0 oldinda bora turib, yutqazish bo‘ldi, bu juda alamli. Mag‘lubiyatga bir nechta sabablar bor, buni o‘rganib chiqamiz va xulosa chiqaramiz.
Men jamoa o‘zagini saqlab qolishni juda ham xohlagan edim. Agar 3 nafar o‘yinchimiz ketmaganida, bizga hech qanday o‘yinchi kerak bo‘lmagan bo‘lardi. Buni rahbariyatdan so‘ragan edim, ammo afsuski, bu amalga oshmadi. Menimcha, 2 kunni ichida o‘zgarish qilishimiz amrimahol. Shu bois birinchi davrani hozirgi tarkib bilan tugatsak kerak".
Fikrlar