Ro‘ziqul Berdiev: Natijaga erishish uchun hamma narsaga tayyor bo‘lish kerak

  • 30.05.2024 00:24
  • Karim Xudayqulov
  • 0
  • Futbol

O‘zbekiston Superkubogi doirasida bo‘lib o‘tgan "Paxtakon" - "Nasaf" 1:1 (3:4) uchrashuvidan so‘ng matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Quyida "ajdarlar" ustozi Ro‘ziqul Berdievning fikrlari bilan tanishib chiqishingiz mumkin: 

- Penaltilar seriyasi "Nasaf" klubi tarixida birinchi marta, umuman kubok bahslarida birinchi marta bo‘lsa kerak. Biroq buning zavqi boshqacha bo‘ldi. Albatta, superkubokni qo‘lga qiritganimizdan xursandmiz, bu oson bo‘lmadi. Birinchi bo‘limning oxiri va ikkinchi taymning boshini yomon o‘tkazdik. Ammo o‘tkazib yuborilgan goldan so‘ng yigitlar yana uyg‘ondi va zaxiradan tushganlar ham jamoa o‘yiniga tezlik, ishtiyoq qo‘sha oldi. Buning evaziga hisobni tenglashtirib, penaltilar seriyasigacha bora oldik.Penaltilar seriyasida esa omad biz tarafga kulib boqdi. Barcha yigitlarga va alohida Abduvohidga rahmat aytaman. Ular bizni darhaqiqat qutqarishdi. Bugungi g‘alaba bilan muxlislarimizni tabriklayman.

- Gol o‘tkazib yuborish shartmidi, ungacha hujum qilsangiz bo‘lmasmidi?

Shartdek ko‘rindi, chunki jamoani nimadir uyg‘otib yuborishi zarur edi. Ko‘rganingizdek, goldan keyin jamoamizning o‘yini yanada ochilib ketdi va o‘zgarishlar ham ancha ta’sir ko‘rsatdi. Qanotlardan ham, markazdan ham hujumlar uyushtirdik. Gol urmasak, hisobni tenglashtirmasak o‘zimizga qiyin bo‘lishini sezgandik. Shuning uchun, yigitlar oxirigacha kurashdi. Biz haqiqiy o‘yinimizni ikkinchi bo‘limning o‘rtalarida ko‘rsata oldik. Yakunda ko‘rindiki, jamoamizda o‘yin sifati, ishtiyoq va potentsial ancha yuqori. Faqatgina g‘alaba qozonganimiz emas balki, oxirigacha kurashganimizdan va mazmunli o‘yin ko‘rsatganimizdan juda ham xursand bo‘ldik.

- Bugun to‘psiz o‘yinda yosh bolalar bilan o‘ynagan "Paxtakor" "Nasaf"dan ko‘ra kuchliroq harakat qildi. Shunchaki jismoniy holati dosh bera olmagani va siz 4 ta o‘zgarish amalga oshirishga majbur bo‘ldi.  Agar "Paxtakor" tarkibi kengroq bo‘lganida, zahirasida resurs ko‘p bo‘lganida, sizning yurishingiz foydasiz bo‘lib qolishi ham mumkinmidi?

- Qisman gapingizga qo‘shilaman. Lekin kecha hozirgi zamonaviy futbol haqida aytib o‘tganimizdek, natijaga erishish uchun maydonda hamma narsaga tayyor turishimiz zarur. Qaerdadir himoyalanish kerak, qaerdadir to‘pni raqibga berib qo‘yishingiz kerak. Bizning taktik sxemamiz albatta naf berishiga ishonchimiz komil edi. "Paxtakor" har qanday holatda to‘pni nazorat qiladi, klubda to‘p bilan muomala qila oladigan futbolchilar etarlicha. Yigitlarga raqib hujumga o‘tganida yaxshi himoyalana olish, shoshilmaslik va asabiylashmasligini uqtirdim. Menimcha, yigitlar buning uddasidang chiqdi. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!