Rustam Saidov: "Parij Olimpiadasida malayziyalik shogirdlarim ham ishtirok etadi"
Sobiq bokschimiz, Olimpiada, jahon chempionati bronza medalini qo‘lga kiritgan, Osiyo chempioanti hamda Osiyo o‘yinlari g‘olibi va hozirda murabbiy sifatida faoliyat yuritayotgan Rustam Saidov Malayziyada ish boshlagan edi.
Biz ushbu mutaxassis bilan bog‘lanib, u erdagi faoliyati va rejalari bilan bog‘liq bo‘lgan qisqacha suhbat qurdik.
- Rustam To‘xtasinovich Malayziyada ish boshlashingiz qay tarzda amalga oshdi?
- Shunchaki men haqimdagi ma’lumotlar ularga to‘g‘ri kelgan va shartnoma taklif qildi.
- Malayziya boks federatsiyasi bilan shartnoma imzolandimi yoki biror bir klub…?
- Malayziya boks federatsiyasi bilan.
- Demak, siz Malayziya terma jamoasida faoliyat yuritayapsiz?
- Ha, terma jamoaga bosh murabbiy bo‘ldim.
- Shartnoma qancha muddatga tuzildi?
- Hozircha ikki yilga.
- Ma’lumotlarga qaraganda qandaydir turnirda shogirdlaringiz muvaffaqiyat qozonishga ham ulguribdi?
- Ha, Malayziya chempionatida 49,52,56,69 va 91 kgdagi shogirdlarim chempion bo‘ldi.

- Malayziya chempionati? Axir sizni terma jamoa murabbiyi ekanligingizni hisobga olsak, buni tushunish biroz qiyinroq nazarimda…?
- Bilasizmi, o‘zim individual tarzda bir nechtasini shug‘ullantirmoqdaman. Ya’ni, o‘zimizning boks maktabimiz ostida ularni shakllantirmoqchiman. Aynan, o‘sha qo‘l ostimdagilar orasida mazkur vazndagilar chempion bo‘lishga erishdi.
- Tez orada O‘zbekiston terma jamoasi bilan qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazish niyatingiz ham bor bo‘lsa, kerak?
- Nasib qilsa, iyun yoki iyul oylarida shunday yig‘inni rejalashtirib turibmiz.
- Shogirdlaringiz orasida Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma olgani bormi?
- Yo‘q. Barchaga ma’lumki, bu erda boks juda ham past saviyada. Endi, ushbu yurt boksini ko‘tarishga bel bog‘laganman. Nasib qilsa, “Parij 2024” Olimpiadasida malayziyalik shogirdlarim ham ishtirok etadi.
- Vaqt ajrata olganingiz uchun rahmat va o‘z o‘rnida oldingizga qo‘ygan maqsadlaringiz amalga oshishiga tilakdoshmiz!
- Minnatdorman. Shuningdek, barcha yurtdoshlarimizni Ramazon oyi bilan muborakbod etaman!

Fikrlar