
«Rux» murabbiyi bilan kelisha olmagani, Evropada qolmoqchiligi va Ukrainadagi qiyinchiliklar haqida Abduxoliqov bilan intervyu
Ukraina chempionatida debyut qilgan hamyurtimiz - Bobir Abduxoliqov hozir yangi jamoa izlashga tushib ketganidan xabaringiz bor. Legioner sifatida ilk mavsumini o‘tkazgan hujumchi bilan Evropadagi futbol, yangi rejalari borasida suhbat uyushtirdik.
- «Rux» jamoasidagi debyut mavsumni omadli chiqdi, deb bo‘lmaydi. Moslashish jarayoni shu qadar qiyin kechdimi?
- Afsuski, shunday. Futbolchilar bilan til topishib ketishda muammoga duch kelmadim, lekin bosh murabbiy haqida unday, deb bo‘lmaydi. Baribir, birinchi marotaba legioner bo‘lganim, bu borada tajribasiz ekanligim pand berdi. Asosiy jamoada debyut qilmagan bo‘lsamda, o‘rinbosarlar safida gollar urdim. Vaziyat taqozo qilgan pallada ham menga ishonch bildirilgani yo‘q. Shu bois, jamoa bilan o‘rtadagi shartnomani bekor qildim. Aslida, Ukrainaning boshqa jamoalaridan ham takliflar bor edi, lekin jamoaga bo‘lgan hurmat yuzasidan boshqa mamlakatda to‘p surmoqchiman.
- Legionerlik mas’uliyati siz o‘ylaganingizdan ham og‘irroq ekanmi?
- To‘g‘risi shunday. Buni o‘zimda his qildim. Uydan uzoqda, do‘st birodarlarsiz hayot kechirish oson emas. Boz ustiga, birga ulg‘aygan jamoadoshlarimning yo‘qligi ham sezilib qoldi. Shunga qaramay, sabr qilishda davom etdim. Afsuski, bosh murabbiy ishonch bildirmadi. Bu vazifamni ikki hissa murakkablashtirib yubordi.
- «Nasaf» jamoasini o‘yinlarini kuzatib boryapsizmi? Yangi jamoa haqida fikringiz qanday?
- «Ajdarlar»ning 90 foiz o‘yinlarini tomosha qilaman. Ularni xalqaro maydondagi zafarli yurishlari meni xursand qildi. Ro‘ziqul Berdievning yangi jamoasidagi yigitlarning aksariyati bilan tanishman. Yaxshi futbolchilar. Ularni kelajakda o‘zi istagan cho‘qqilarni zabt etishiga tilakdoshman. Yigitlarga va «Nasaf»ga oldindagi o‘yinlarda omad tilayman.
- Faoliyatingizni qaerda davom ettirmoqchisiz? Rejalaringiz qanday?
- Uyda oila davrasida hordiq chiqardim. Hozir, bir nechta klublardan takliflar bor. Ularni ko‘rib chiqyapmiz. Nasib qilsa, Evropada qolaman. Maqsadim avval boshidan shu edi. Nasib qilsa, tez orada yangi jamoam nomini e’lon qilaman. Hozir, bir necha jamoada ko‘rikdan o‘tishim kerak. Menga va iqtidorimga ishonch bildiradigan murabbiy qo‘l ostida to‘p surishni istayman. Hali hammasi oldinda. O‘z ustimda 2 barobar ko‘proq ishlashim va legioner bo‘lishga haqli ekanligimni isbotlamoqchiman. Buning uchun barcha narsaga tayyorman.
- Xorijda bo‘ldingiz. Aytingchi, Ukraina futbolida nima birinchi o‘rinda?
- So‘zsiz jismoniy tayyorgarlik. Nafaqat «Rux», balki barcha klublar yopiq futbolga moslashgan. Faqat grandlargina erkin va zamonaviy futbol taklif etishi mumkin. Qolganlar imkon bo‘lishi bilan qarshi hujumga o‘tadi. Asosan, himoyaga urg‘u beradi. Men ham shunday jamoalardan birida to‘p surganim uchun jismonan o‘sishim kerakligini angladim.
- Nima uchun «Rux» jamoasi taklifini qabul qilgan edingiz? Sizda variantlar ko‘p ediku?!
- Gapingiz rost. Shunchaki, menga ushbu klubni yosh futbolchilarga ishonch bildirgani, Ukraina chempionatida debyut qilayotgani chiroyli ko‘rindi. Yosh va yangi kollektivda o‘rnimni tezroq topaman, deb o‘ylagan edim. Tan olish lozim, u erda futbolchilar uchun yaratib berilgan sharoitlar havas qilsa arzigulik darajada. Futbolchi uchun hamma narsa muhayyo. Shunchaki, maydonga chiqib to‘p surish lozim. Ukrainada o‘tgan faoliyatimdan ko‘p narsa o‘rgandim. Bu tajriba keyinchalik menga qo‘l keladi, degan umiddaman. Hozir, hayotimdagi bu sahifani yopib, yangi maqsadlar sari intilmoqchiman. Hali hech narsa boy berilmadi. Ishlashda davom etish kerak.
Fikrlar