
Samvel Babayan: Bizni Eron bilan ko‘p narsa bog‘lab turadi
Xabaringiz bor, Osiyo Chempionlar Ligasi (OChL)”D” guruhi 4-turidan o‘rin olgan bahsda "Navbahor" safarda “Nassaji Mazandaran” (Eron)ga qarshi maydonga tushadi. Mazkur bellashuv ertaga Toshkent vaqti bilan soat 19:00da start oladi.
OChL musobaqasi reglamentiga muvofiq, bo‘lajak bellashuv oldidan ikki jamoaning bosh murabbiylari va bir nafardan futbolchilari ishtirokida Tehron shahridagi ertangi o‘yin o‘tkaziladigan “Ozodi” stadioni anjumanlar zalida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda “Navbahor” bosh murabbiyi Samvel Babayan va “lochinlar”ning tajribali yarim himoyachisi Azimjon Ahmedov ishtirok etib, uchrashuv borasida o‘z fikrlarini bildirishdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Samvel Babayan: – Assalomu alaykum! Barchaga xayrli kun! “Nassaji Mazandaran” adashmasam, o‘z tarixida ilk marotaba OChLda ishtirok etayotganligi sababli, ushbu musobaqaga jiddiy tarzda tayyorgarlik ko‘rganligini e’tirof etish joiz. Bunga biz jamoa Namanganda guvoh bo‘ldik.
Shuningdek, fursatdan foydalanib, yuqori darajadagi tashkilotchilik uchun “Nassaji Mazandaran” vakillariga jamoamiz nomidan minnatdorchilik bildiraman.
Albatta, yana shuni ham ta’kidlash joizki, bizni Eron bilan ko‘p narsa bog‘lab turadi. Boisi, OChLda xalqaro maydonlarda Eron sharafini himoya qilgan deyarli barcha klublar bilan o‘zaro ro‘baro‘ kelganmiz va o‘sha bahslar doimo yuqori saviyada, tomoshabop tarzda kechgan.
Mamlakatlar terma jamoalari hamda klublari bir-birlariga raqib bo‘lsa, bu har ikki yurt futboli rivojida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Bunday o‘yinlar orqali biz bir-birimizni to‘ldirib, rivojlanamiz.
Azimjon Ahmedov: – Avvalo barchaga salom! Ertangi o‘yinda barcha imkoniyatlarimizni ishga solgan holda, muxlislarimizga quvonch ulashishga harakat qilamiz.
Fikrlar