
Samvel Babayan: JChga qanday chiqishimizning farqi yo‘q
Bir necha daqiqa oldin JCh-2018 3-saralash bosqichi 7-turidan o‘rin olgan O‘zbekiston – Qatar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Mazkur bellashuvdan so‘ng har ikki terma jamoa bosh murabbiylari o‘rtasida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi ustozi Samvel Babayan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Biz bugun g‘alaba qozonishimiz shart edi. Shukr, bizni anchagina muxlislar qo‘llab-quvvatlab borishdi va natijada juda zarur bo‘lgan 3 ochkoga ega bo‘ldik. Barcha-barchani ushbu g‘alaba bilan tabriklayman va oldindagi oliy maqsadimiz yo‘lida mehnat qilishda davom etamiz.
Afsuski, ba’zi o‘yinchilarimiz safga sog‘lom holda etib kelishmadi. Ularning ko‘pchiligida kichik bo‘lsa-da jarohat bordi. Qolaversa, jamoalar futbolchilarini terma jamoamizga berishda noroziliklar bildirishmoqda. Bu holni Xitoy jamoalarida va xatto o‘zimizning jamoalarda ham kuzatdik.
Bugungi kunda biz uchun eng asosiysi qanday qilib bo‘lmasin g‘alabaga erishishdir. Shu sababli asosiy e’tiborimizni qanday o‘yin namoyish qilib bo‘lmasin, har o‘yinda 3 ochkoga ega chiqishga qaratyapmiz.
Hozirgi paytda biz juda mas’uliyatli davrda turibmiz. Shu sababli oldindagi o‘yinlarda ham tarkibda juda katta o‘zgarishlar qilishni rejalashtirmayapmiz. To‘g‘ri, yurtimizda iste’dodli futbolchilar juda ko‘p. Lekin hozir ularni shunchaki ko‘rikdan o‘tkazish uchun tavakkal qila olmaymiz. Bizda hozircha jamoamizning asosini tashkil etadigan futbolchilar bor va ularning shu qolgan uchrashuvlar davomida jarohat olmasliklariga umid qilamiz!
Fikrlar