
Samvel Babayan: "Navbahor" - bu brend! Sovrinlarni qo‘lga kiritish fursati etdi"
“Navbahor” Superliganing 25-turida “Andijon” maydonida g‘alaba qozonib, muxlislarini xursand qildi.
Endilikda namanganliklar mavsumni 5-o‘rinda yakunlash uchun haqida o‘ylashmoqda. “Andijon”ga qarshi kechgan o‘yindan keyin “Navbahor” klubining maslahatchi murabbiyi Samvel Babayan Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Samvel Vyacheslavovich, “Navbahor”ning g‘alabasi bilan tabriklayman. O‘yin ikkala jamoa uchun muhim edi. Ayniqsa, “Andijon”ga uch ochko suv va havodek zarur edi. Negaki, ular Superligada qolish uchun kurashayotgandi. Ammo derbida “Navbahor”ning qo‘li baland keldi. O‘yindan olgan taassurotlaringiz qanday?
- Shunisi yaxshi-da, “Andijon” va “Navbahor” qarama-qarshiligi hamma vaqt qiziqarli kechgan. Futbol uchun bunday bellashuvlar juda ajoyib. Ba’zilar “Navbahor” o‘ynamaydi, futbolchilar ruhlanib to‘p surmaydi va yutqazib beradi, degan xayolda yurishgandi. Ammo biz professionallarmiz. Qolaversa, birinchi davradagi mag‘lubiyat uchun yigitlarda eski qarzni qaytarish maqsadi yuqori edi. Eng asosiysi, biz muxlislar uchun to‘p suramiz. Bu o‘yinda g‘alaba biz uchun juda muhim edi. Ayniqsa, holati talabga javob bermay qolgan bunday maydonda o‘ynash futbolchilarga muammo tug‘dirish bilan birga ikki hissa kuch sarflashni taqozo etadi. Shunday vaziyatlarda esa xarakter birinchi planga chiqadi. Bugungi jarayonda ishtirok etgan va raqib ustidan o‘yinning deyarli barcha jihatlari borasida ustun kelgan futbolchilarimizni tabriklayman.
Mening fikrimcha, elitada qolish uchun kurashayotgan klublarning imkoniyatlari bir-birlarinikiga juda yaqin edi. Shu boisdan ham chempionat yakuni halol kurashlarga boy tarzda o‘tishini istab qolaman. Bugun kuchli jamoa ustun keldi. Oxirgi tur bellashuvlarining o‘zgacha ruhda kechishiga shubha qilmayman. Qaysidir klubni xafa qilib qo‘yishni istamayman. Garchi bu jamoalar oxirgi o‘rinlarda borayotgan bo‘lishsa-da, Superligada o‘ynashga munosib. Jumladan, “Andijon”. Chunki bu o‘z tarixiga ega bo‘lgan klubdir.
- So‘nggi paytlarda Superligada kelasi yili klublar soni oshirilishi mumkin, degan gaplar yuribdi. Shaxsan siz chempionatda jamoalar ko‘paytirilishi tarafdorimisiz yoki...
- Mening bu masaladagi fikrim o‘zgarmagan. Bizda katta mamlakat bor. Shu sababdan ham futbol elitasida shunga mos ravishda ko‘proq klublar o‘ynashlari kerak. Infratuzilma ham shunga javob beradi. Chempionatda 16 klubning ishtirok etishi davlatimiz uchun maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki bunday futbol muxlislar uchun katta ajiotajga aylanadi. O‘zingiz qarang, “Dinamo” bilan “Neftchi” elitaga qaytdi. “Andijon” uchun bu alamli yakunga aylangani achinarli. Andijon - futbol shahri. Bekobod ham infratizulmasini a’lo darajada qilib olgan. “Turon” ham xususiy klub bo‘lsa-da, o‘zidan yaxshi taassurot qoldira oldi, ammo debyut mavsumi muvaffaqiyatli chiqmadi. Yuqoridagi fikrimni takrorlashimga to‘g‘ri keladi: davlat tomonidan xavola qilingan infratuzilma bizga chempionatni bemalol 16 ishtirokchi jamoa bilan o‘tkazish imkoniyatini bera oladi. Boz ustiga bizda doim yosh iqtidor egalari ko‘plab etishib chiqqan. Ular o‘smirlar va yoshlar uchun mo‘ljallangan turnirlardagi ishtiroki orqali yuqori ligada bemalol o‘zlarini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lmoqliklari darkor. Mening kengaytirilishi mumkin bo‘lgan chempionat borasidagi fikrim ravshan: ishtirokchilar sonini oshirish ayni muddao bo‘ladi. Muhimi, rahbariyat buni qo‘llab-quvvatlaydi. Shunday ekan, Superliga bahslarini 16 ta jamoa ishtirokida o‘tkazish uchun fursat etib keldi.
- Bu yil chempionat saviyasi ko‘tarilganmi yoki buning aksimi? Ko‘pchilik “Paxtakor”ning barvaqt chempion bo‘lgani chempionatdagi intrigani yo‘qolgani haqida gapirishmoqda...
- Agar o‘zim ishlayotgan klub misolida bu borada fikr bildiradigan bo‘lsam, basharti ishga chempionat boshidan kirishgan taqdirimda “Navbahor”ning musobaqa jadvalidagi hozirgi mavqei boshqacharoq bo‘lishi mumkin edi. Hech bo‘lmaganda klub medallardan biriga da’vogarlik qilardi. To‘g‘ri, “Paxtakor” birinchi davraning o‘zidayoq yaqin ta’qibchilaridan ancha o‘zib ketgandi. Ammo birinchilik shuni ko‘rsatdiki, bizda chempion yo‘liga to‘siq bo‘la oladigan jamoalar bor. Menimcha, keyingi mavsum nihoyasiga etayotgan ushbu chempionatga nisbatan boshqacha ruhda o‘tadi. Nega deganda, birinchilik oxiridagi kurashlar “Paxtakor”ga bemalol raqobat hosil qila olishi mumkin bo‘lgan klublar borligini ko‘rsatib berdi. Bu gapim bilan nihoyasiga etib qolgan joriy mavsum u qadar qiziqarli o‘tmadi, demoqchi emasman. O‘zingiz ko‘rib turganingizdek, chempionat oxiriga kelib intriga avjiga chiqdi. Musobaqa jadvalining yuqori qismida OChL yo‘llanmalaridan biri uchun kurash kechayotgan bo‘lsa, quyi qismida esa kuchlilar safida qolish uchun kurash kechdi. Menimcha, mavsum yaxshi ruhda o‘tdi. Chempionatning qaysidir bosqichida “Paxtakor” ilgarilab ketgan bo‘lishi mumkin, lekin keyingi mavsumlarda shunday holat takrorlanadi, deb o‘ylamayman.
- Kelasi yili “Navbahor” qanday ko‘rinishda bo‘ladi? Bilishimcha, siz hozirdanoq rejalar tuzib qo‘ygansiz...
- Shu kunlarda viloyat hokimi Shavkat Shakirjanovich Abdurazzoqov bilan uchrashaman. Viloyat rahbarining o‘zi ham “Navbahor”ning xuddi eng yaxshi davrlaridagi kabi yuqori maqsadlar sari kurashishini istayotganini ma’lum qildi. Shuning uchun ham kelgusi yil biz va elitaga qaytayotgan klublar bilan hammalari chempionatda yaxshiroq natijaga erishish istagida ekanligini namoyon qilishadi. “Navbahor” – bu brend. Shuning uchun ham ishqibozlar uning oldingi mavqeiga qaytishini sabrsizlik bilan kutishyapti. Sovrinlarni qo‘lga kiritish, OChLga yo‘l olish va raqiblarda hadik uyg‘otish fursati etdi, chamamda...Hokim bilan uchrashuvdan so‘ng “Navbahor”ning kelgusi yil uchun maqsadlari belgilab olinadi.
Fikrlar