Sekeyra hamon qaytmadi, Jaloliddinov esa jamoada emas! "Lokomotiv"da vaziyat qanday?

  • 23 iyul, 2021, 23:21
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Klublarning yozgi yig‘inlari ham asta-sekin yakuniga etib boryapti. Aksariyat jamoalar rejaga ko‘ra o‘ylab qo‘ygan ishlarini amalga oshiryapti. Superligadagi har bir klubning lagerida qanday yangiliklar bo‘layotganidan xabardor bo‘lib kelyapmiz.

Tecno

Lekin gap Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi haqida ketar ekan, bu masalada biroz mavhumlik bordek. “Temiryo‘lchilar” ortda qolgan 12 ta o‘yinda 15 ochko jamg‘arib, hozircha turnir jadvalida 8-o‘rinda boryapti. Biroq bu natija rahbariyatni qoniqtirmayotgani haqiqat. Ular “Lokomotiv”ni sovrinli o‘rinlarda ko‘rmoqchi. Shu sababli ikkinchi davraga yanada jiddiyroq tayyorlanish zarurati bor. 30 iyul kuni “Lokomotiv”ni chempionatning 13-turida Toshkentda “Nasaf”ga qarshi o‘ta muhim o‘yin kutyapti. Bu o‘yinga sanoqli kunlar qoldi, biroq...

Sekeyra qani?

“Lokomotiv” futbolchilari ikkinchi davraga 13 iyuldan tayyorgarlik ko‘rishni boshladi. Ajablanarlisi, klub hamon bosh murabbiysiz shug‘ullanyapti. Mikael Sekeyra chempionatimizda yuzaga kelgan yozgi tanaffusdan foydalanib, Portugaliyaga oilasining oldiga ketgan. Uning jamoasi allaqachon mashg‘ulotlarni boshlab, hatto “Nasaf” bilan bo‘ladigan muhim uchrashuvga ham tayyorgarlik ko‘ryapti. Biroq haligacha bosh murabbiydan darak yo‘q!

Shubhasiz, u “Lokomotiv”ning yozgi yig‘inini deyarli o‘tkazib yuboryapti. Bunday holat jamoaga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin? Mashg‘ulotlarni Sekeyraning yordamchisi Andrey Miklyaev o‘tkazib turibdi. Lekin klubda baribir bosh murabbiyning o‘rni boshqada. Biz Sekeyra masalasida klub matbuot xizmati bilan bog‘landik. Ma’lum bo‘lishicha, u Portugaliyada viza bilan bog‘liq ishlarini hal qilayotgan ekan. Shuning evaziga mutaxassisning Toshkentga qaytishi biroz cho‘zilgani iddao qilinmoqda. Aytishlaricha, tez orada murabbiy jamoaga qaytadi. Baribir ikkinchi davra o‘yinlari mobaynida bosh murabbiyning yozgi yig‘inda bo‘lmagani o‘z ta’sirini ko‘rsatishi hech gap emas.

sekeyra1

Jasur Jaloliddinov nega jamoa bilan birga emas?

Endi navbat Jasur Jaloliddinovga. Ochig‘i, uning atrofidagi voqeliklarga va turli xabarlarga ko‘nikib qoldik. Xabaringiz bor, birinchi davrani “Andijon”da o‘tkazib, “Navbahor”ga qarshi o‘yinning ertasigayoq “Lokomotiv”ga o‘tgani e’lon qilingan Jaloliddinov ayni paytda klub ixtiyorida emas. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, futbolchi ikki kuncha jamoaning mashg‘ulotlarida ishtirok etgan va keyin ko‘rinmay qolgan.

Savol: Jasur Jaloliddinov qaerda? Nahotki, “Lokomotiv”ga o‘tgani e’lon qilingan futbolchining fikri yana o‘zgarib qolgan bo‘lsa?! Etib kelgan xabarlarga qaraganda, unga yana xorijdan takliflar bo‘layotgan ekan. Bilishimizcha, u yana xorijliklar bilan muzokaralarga kirishgan. Katta ehtimol bilan Jasur shu sababdan “Lokomotiv” mashg‘ulotlarida emas. Agar voqealar rivoji shu yaxlit davom etsa, futbolchi “Loko”da to‘p surmasligi ham mumkin. Mabodo, chetga ketmasagina “Loko”da qolishi haqida ma’lumotlar ham bor. To‘g‘risi, Jaloliddinov masalasidagi ishlar biroz tushunarsizdek tuyulyapti. Mayli, kuzataylik-chi, u yog‘i nima bo‘larkin?!

jasur_11

Igor Golbanni “Loko”da kutishgandi...

E’tibor bergan bo‘lsangiz, “Lokomotiv” transfer oynasi vaqtida boshqa klublar kabi faol emas. Birinchilardan bo‘lib, Jasur Jaloliddinov qo‘lga kiritilganligini e’lon qilib yubordi-yu, ammo mana endi bu kelishuv ham amalga oshmasligi mumkindek. Qiziq, nimagadir tarkibda u qadar o‘zgarishlarga qo‘l urilmayapti.

Sports.uz ma’lumotiga qaraganda, “Lokomotiv” ushbu yozgi transfer vaqtida “Navbahor” himoyachisi Igor Golban bilan kelishuvga erishishga harakat qilgan. Bu borada tomonlar muzokaralar ham o‘tkazganligi aytilmoqda. Ammo “Navbahor”da Samvel Babayan ish boshlaganidan keyin Golbanni klubda qoldirishga ko‘ndirgani taxmin qilinyapti.

golban_1

“Lokomotiv” katta ehtimol bilan birinchi davradagi tarkibi bilan ishtirokini davom ettiradigandek tuyulyapti. Darvoqe, yaqinda klub ikki nafar futbolchisi – Ibrohim G‘anixonov hamda Farruh Ibrohimov bilan xayrlashganini e’lon qildi. Ko‘ramiz, transfer oynasi yopilguniga qadar tarkibda biror o‘zgarish bo‘larmikin?

Darvoqe, ertaga “Lokomotiv” Tojikistonning “Istiqlol” klubiga qarshi nazorat uchrashuvini o‘tkazadi. Bungacha faqat “Qizilqum” bilan o‘rtoqlik o‘yinida qatnashganini hisobga olsak, bu “Loko”ning yozgi yig‘ini doirasida bosh murabbiysiz o‘tkazayotgan ikkinchi o‘yiniga aylanadi.   

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!