
Sergey Lipinets Qudratillo Abduqahhorovni tanlaydimi? Uning uchun yana bir raqib bor...
Sobiq jahon chempioni Sergey Lipinetsning menejeri Aleks Vaysfeld kanadalik Kustio Kleyton bilan revansh jangi o‘tkazilishiga qarshi bo‘lmoqda. Shanba kuni “Mohegan Sun”da bo‘lib o‘tgan 12 raundlik jangda durang natija qayd etilib, IBF muvaqqat kamari vakant qolgandi. Aslida, Kleyton Qudratillo Abduqahhorovning o‘rnini to‘ldirgandi. Ya’ni, Abduqahhorov viza muammosi tufayli bu jangdan chetda qolgan va kanadalik bokschi Lipinets bilan to‘qnash kelgandi.
Hakamlarning qaroridan norozi bo‘lgan Vaysfeld mijozining navbatdagi jangi revansh emas, balki Qudratillo Abduqahhorov yoki WBCning sobiq chempioni Shon Porter bilan bo‘lishini xohlamoqda. Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, Lipinets-Kleyton bahsida ikki hakam 114-114, bittasi esa 115-113 hisobida Kleyton foydasiga qaror chiqargan edi.
- Hakamlarning qaroridan rozi emasman. Klayton butun jang mobaynida qochib yurdi. Ha, o‘sha kuni Sergey o‘zining eng yaxshi ko‘rinishida emasdi. Chunki u uzoq muddat rasmiy jangda ringga ko‘tarilmagan edi. 15 oylik tanaffusdan so‘ng, jang va birdaniga raqib o‘zgarib ketdi. Albatta, bu bahona bo‘la olmaydi. Shunday bo‘lsa-da, Sergey bu jangda g‘alaba qozondi. Barcha bu voqeani ko‘rdi va amin bo‘ldi. Shuning uchun Kleyton bilan revansh o‘tkazishda hech qanday ma’no yo‘q. Yana barcha kanadalikning qochib yurishini ko‘rishni xohlamaydi. Sergey navbatdagi jangini fevral oyida o‘tkazadi. Raqib esa, Qudratillo Abduqahhorov yoki Shon Porter bo‘lishi mumkin”, - dedi Vaysfeld.
Sergey Lipinetsning o‘zi ham hakamlarning qaroridan hayratda qolganini aytdi...
“Ko‘rsatgan jangimdan umuman ko‘nglim to‘lmadi. Tuzgan rejamizni oxiriga etkazmadim. Ayniqsa, oyoq harakatlarim juda ham sust bo‘ldi. O‘ylangan hujumlarni amalga oshira olmadim. Shunga qaramasdan, men jangni yutdim. Menimcha sakkiz raund ustunlik men tomonda bo‘ldi va men ko‘proq jang qilishga intildim. Kleyton o‘zining tezkor “jeb” zarbalari, chaqqonligi va IQsi bilan bizni juda ham hayratda qoldirdi. Biz uni jang qilishga ishtiyoqi kuchli bo‘lsa kerak, deb o‘ylagan edik. Biroq u jang boshlanishi bilan mendan qochishni boshladi. Qolaversa, uzoq tanaffusdan so‘ngi jangimda raqibim o‘zgardi va bu holat ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. O‘ylaymanki, navbatdagi jangim 3-4 oydan keyin bo‘ladi va jiddiy raqibga qarshi bahs yuritaman”,- dedi Lipinets.
Fikrlar