
Shahzod Ubaydullaev: "Energetik"dan ketaman"
Belarus chempionatining 24-turida “Energetik-BGU” “Vitebsk” bilan kuch sinashib 2:2 hisobida durang natija qayd etganidan xabardorsiz.
O‘sha bellashuvda hamyurtimiz Shahzod Ubaydullaev raqib darvozasiga akrobatik tarzda gol urishga erishdi. Sports.uz muxbiri esa ushbu legionerimizga ayrim savollar bilan murojaat qildi.
- Jangovar durangdan keyin nima degan bo‘lardingiz?
- O‘yin haqida gapiradigan bo‘lsak, juda qiyin bo‘ldi. Maydonga faqat uch ochko uchun tushgandik. Lekin buning uddasidan chiqa olmadik. Himoyada biroz xatolar bor. Shuning natijasida o‘yinlarda qiynalyapmiz.
- Raqib darvozasiga chiroyli gol urdingiz. Bunga qanday ta’rif berasiz?
- Urgan golimga hech qanaqa ta’rif bera olmayman. Shunchaki, menga shunday gollar urish yoqadi, shu xolos.
- Ignatiy Nesterov qo‘riqlayotgan darvozaga ham akrobatik holatda gol urganingiz yodimizda. Faoliyatingizda qaysi gol eng chiroylisi?
- Baribir Ignatiy Nesterovga urgan golimni chiroyli deb hisoblayman. Chunki Nesterov Osiyoning kuchli darvozabonlaridan biri bo‘lgan va hozir ham shunday. Unga bunday gol urish juda qiyin.
- Keyingi rejangiz qanday?
- Xudo xohlasa, chempionat tugasa ko‘ramiz. Lekin aniq bilamanki, “Energetik”dan ketaman. “Shaxtyor” bilan yana ikki yillik shartnomam bor. Nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi. Balki “Shaxtyor”ga qaytarman, balki boshqa jamoaga!
Fikrlar