Sherzod Esanov: "Bizga kim raqib bo‘lishining farqi yo‘q, faqat ijobiy natija uchun kurashamiz"
Argentinada davom etayotgan U-20 jahon chempionatida terma jamoamiz o‘z oldiga qo‘ygan dastlabki vazifani bajardi. Garchi vakillarimiz mundialni Argentiga qarshi uchrashuvda mag‘lubiyat bilan boshlagan bo‘lsa-da, Ravshan Haydarov shogirdlari o‘zlaridan yomon taassurot qoldirishgani yo‘q. Natijada keyingi ikkita uchrashuvda bir durang va bir g‘alaba bilan guruhda 2-o‘rinni egallab keyingi bosqich masalasini hal qildi.
Yangi Zelandiyaga qarshi uchrashuvda jamoamiz 1:2 hisobida yutqazayotgan mahalda Sherzod Esanovning qo‘shimcha bo‘limning oxirlarida hisobni tenglashtirishi evaziga bir ochko ishladik va keyingi bosqich masalasini saqlab qoldik. 3-turga kelib Gvatemalaga javobsiz ikkita gol ura oldik va haqli g‘alabani qo‘lga kiritdik.
Vakillarimiz endi 1\8 finalda Isroilga qarshi maydonga tushadi. Gvatemalaga qarshi uchrashuvdan keyin terma jamoamiz a’zosi Sherzod Esanov Sports.uz saytiga o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Terma jamoamiz o‘ta muhim bellashuvda kerakli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Uchrashuvdan avval hayajon yoki bosim bormidi? O‘yinga tayyorgarlik qanday edi?
- Oldindan qiyin o‘yin bo‘lishini bilardik. Chunki Gvatemala terma jamoasida ham 3-o‘ringa imkoniyat bor edi. Xudoga shukr, muhimi yutib oldik. Uchrashuvga har tomonlama puxta tayyorgarlik ko‘rgandik va bu o‘zini oqladi, deb o‘ylayman.
- Sizni terma jamoamiz tarkibida 22-raqam ostida ko‘rayotgandik. Osiyo chempionatida ham shu raqamda o‘ynadingiz. Mundialda esa 11-raqamdasiz. Buni o‘zgartirish tashabbusi o‘zingizdan chiqdimi yoki...
- Raqamni o‘zgartirish FIFA tomonidan kiritilgan qonun bo‘yicha bo‘ldi. Negaki, Osiyo chempionatida zayavka 23 ta edi. Jahon chempionatida esa zayavka 21 ta bo‘lgani sababli men 22 o‘rniga 11-raqamni olishim kerak bo‘lib qoldi.
- Terma jamoamiz 1\8 finalda o‘ynaydi. Bungacha qaysi raqib duch kelishi haqida ko‘p aytildi va Isroil bilan bellashadigan bo‘ldik...
- Keyingi bosqichda bizga kim raqib bo‘lishining farqi yo‘q. Har qanday holatda ham raqibga qarshi yaxshi tayyorlanib, ijobiy natija ko‘rsatishga harakat qilamiz.
- Guruhdagi uchta uchrashuvdan so‘ng termamizning salohiyati yanada ko‘zga tashlanyapti. Ortda qolgan o‘yinlardan so‘ng sizlarda ham ishtiyoq va ishonch yanada ortayotgani aniq. Guruh bosqichidan keyin yanada ko‘prog‘ini kutyapsizlar, shunday emasmi?
- Biz qo‘ldan kelganicha O‘zbekiston, ona yurtimiz uchun harakat qilamiz. Bor kuchimizni ishga solamiz. Natija Allohdan, oldindan hech nima deb bo‘lmaydi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar