
Shohasan Mirzamatovning raqibi qanday jangchi yoxud Tiago Oliveyraning kuchli jihati nimada?
Xabaringiz bor, 5 dekabr kuni Andijon shahrida "Muradov Professional League" turnirining navbatdagisi tashkil etiladi. Ushbu kechaning markaziy jangida Shohasan Mirzamatov braziliyalik Tiago Oliveyraga qarshi oktagonga ko‘tariladi.
Biz mazkur jang borasida biroz taxliliy jihatidan yondashib ko‘rdik.
Tiago Oliveyra qanday jangchi?
Braziliya nafaqat futbolchilar balki, jahonga etuk MMA vakillarini ham etishtirib beradigan yurt hisoblanadi. Misol uchun, jahonning eng kuchli va nufuzli promoushenining hozirgi kunda ikki vazn toifasida Braziliya vakillari chempion hisoblanadi. Ya’ni, engil vazn (70.3 kg) toifasida Charlz Oliyvera hamda yarim og‘ir vazn (93 kg)da Glover Teyshera. Ayollar o‘rtasida esa Amanda Nunes o‘z vazn toifasida va “Pound For Pound” doirasida hukmronlik qilmoqda. Yaqin tarixga e’tibor qaratsak, Anderson Silva, Joze Aldo, Antonio Silva, Fabritsio Verdum, Rojerio Nogueyra, Vitor Belfort, UFC olamiga Braziliya jiu-jitsusini olib kirgan Roys Greysi jahon MMA olamida o‘ziga xos tarix yozgan deya olamiz.
Xullas, Braziliyada ushbu yo‘nalish juda yaxshi rivojlangan va ular har doim xavfli raqib sifatida namoyon bo‘ladi. U qanday natija qayd etgan bo‘lmasin, baribir bu borada ularda yaxshi maktab shakllangan.
Biz so‘z yuritayotgan Tiago Oliveyra 16 ta g‘alaba va 7 mag‘lubiyat qayd etgan. Asosiysi, u jahonning yaxshi saviyadagi promoushenlarida jang o‘tkazgan. Hatto Bellatorda ham bir marotaba oktagonga ko‘tarilgan. Bir so‘z bilan aytganda unda tajriba anchagina yuqori.
G‘alabalariga e’tibor qaratsak, 16 ta g‘alabaning 7 tasida sabmishen, 6 tasida ochkolar va 3 tasida texnik nokaut bilan zafar quchgan. Bu sabmishenlar uning jiu-jitsusi yaxshi rivojlanganligini anglatadi. Demak, u “parter”da braziliyaliklarga xos tarzda anchagina xavfli sanaladi. Shuningdek, 12 ta jangini to‘liq uch raund o‘tkazgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, kardiosi ham yomon emas. Lekin bu nisbiy tushuncha. Chunki, bu natijalar butun faoliyati mobaynida qayd etilgan. Hozirda jismoniy holati qanday ko‘rinishda bu noma’lum.
Tiago so‘ngi uch jangida mag‘lubiyatga uchraganligi ba’zi salbiy fikrlarni tug‘dirishi mumkindir. Biroq, aynan shunday holatdagi raqiblar juda ham tajovuzkor bo‘ladi. Sababi, mag‘lubiyatlarga chek qo‘yishi uchun bor imkoniyatini ishga soladi.
Shohasan Mirzamatovning ustunligi nimada?
Shohasan Mirzamatovning ko‘rsatkichi 8-1 ko‘rinish olgan. Garchi, rasmiy reytinglarda hozircha 7-1 natija qayd etilgan bo‘lsa-da, mazkur g‘alabalarning 5 tasida muddatidan avval muvaffaqiyatga erishgan. Ba’zilariniki bir daqiqa ham davom etmagan. Yurtdoshimizning kuchli jihati “stoyka”, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Biroq, so‘ngi jangida ko‘rsatdiki, uning kurash va greplingi ham yaxshi rivojlangan. Juda kuchli qo‘l va oyoq zarbasiga ega.
Bir qarashda ikkisi o‘rtasida uslublar qarama-qarshiligini ham kuzatishimiz mumkin. Ammo, hamyurtimizning yutuq tarafi, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, kurash, greplingi ham yaxshi shakllanganligi va o‘z vatanida, tug‘ilib o‘sgan viloyati Andijon shahrida ko‘plab muxlislari ko‘z o‘ngida jang qilishi ekanligida, deyishimiz mumkin. Bu ham o‘ziga xos motivatsiya bo‘ladi.
Bo‘y borasida ustunlik biroz raqib tarafida. Yurtdoshimiz 178 sm, raqib esa 7 sm balandroq. Yoshi deyarli teng. To‘g‘ri, raqib zaxira sifatida ushbu jangga tashrif buyurmoqda. Aslida, yurtdoshimiz argentinalik Roberto Pastuchga qarshi jang qilishi lozim edi. Ammo, Argentina vakili jarohat sababli ushbu jangda ishtirok eta olmadi. Shunday bo‘lsa-da, xotirjamlikka berilish kerak emas.
Bir so‘z bilan aytganda, bizni qiziqarli to‘qnashuv kutib turibdi. O‘ylaymizki, Shohasan chiroyli g‘alaba qozonib, barcha o‘zbekistonlik MMA ixlosmandlarini xursand qiladi. Bu borada unga omad tilaymiz!
Fikrlar