Shohrux Xolmurodov: "Amerika promoushenlari bilan shartnoma tuzish arafasidaman"
Yurtimizning ko‘zga ko‘ringan muaytay ustalaridan biri Shohrux Xolmurodov ayni vaqtda AQShda mashg‘ulotlar olib bormoqda. Ma’lumki, ushbu yurtdoshimiz havaskor muaytay yo‘nalishida ham ko‘plab xalqaro turnirlar g‘olibi va sovrindoriga aylangan. Professional yo‘nalishda esa, juda ko‘p janglarda ishtirok etib, aksariyatida g‘alaba qozongan. 61-70 kg vazn toifalarida faoliyat yuritgan Xolmurodov birman boksi bo‘yicha ham bir qator muvaffaqiyatlarga erishgan. Asosan Tailandning Tiger Muaytay klubida mashg‘ulotlar olib borgan yurtdoshimiz MMA bo‘yicha ham janglarda ishtirok etgan. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, Shohrux Xolmurodov xozir okean ortida mashg‘ulotlar olib bormoqda. Biz ushbu jangchimiz bilan bog‘lanib, uning rejalari bilan qiziqdik.
- Shohrux AQShga sportdagi maqsad tufayli bordingizmi yoki shunchaki ishlash uchunmi? - Hozirgi kunda AQShda mashg‘ulotlar olib bormoqdaman.
- Faoliyatimni MMA yo‘nalishida davom ettirmoqchiman. Maqsadim sportdagi faoliyatimni yuqori darajada davom ettirish.
- MMAda faoliyat olib borish siz uchun qiyinchilik tug‘dirmaydimi? Chunki siz “stoyka”da jang qilasiz. MMAda esa ko‘proq kurashga urg‘u beriladi. Birgina misol, Anvar Boynazarov uchrayotgan muammolar sizda ham bo‘lishi mumkin...
- Men avval ham MMA janglarida ishtirok etganman. Yurtimiz MMA olamining bayroqdori Sunnat Ilyasov bilan birga mashg‘ulotlar olib borganman. Kurashdan va “teyk-daun”dan himoyalanish borasida etarlicha mahoratga egaman, deb ayta olaman.
- Bu erda sizga kimlar yaqindan yordam bermoqda?
- Saidyoqub Qahramonov bilan birgalikda mashg‘ulotlar olib bormoqdaman. Yaqinda u yana kombat karate bo‘yicha navbatdagi jangini o‘tkazadi. Yaxshi darajadagi murabbiylar va sportchilar bor.
- AQShda qaysi promoushenda jang qilmoqchisiz?
- Hozirda bir nechta promoushenlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Bilasiz, birdan UFCda jang qilishning deyarli imkoni yo‘q. Biroq, juda ko‘p saviya borasida yuqori bo‘lgan promoushenlar bor va ulardan biri bilan tez orada shartnoma tuzamiz. Hozircha aniq bir promoushen nomini ayta olmayman.

Fikrlar